Skip to content

SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi transport boshqaruvchilari tomonidan amaldagi qonun talablariga rioya qilmagan holda maxsus litsenziyasiz aholiga xizmat ko‘rsatish holatlari hamon uchrab turibdi.

 

 

Bu bo‘yicha Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining avtomobil va suv transportida nazorat boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektorlari bilan birgalikda reyd tadbirlari o‘tkazilib, fuqarolar tomonidan maxsus litsenziyasiz aholiga xizmat ko‘rsatayotgan holatlari aniqlanmoqda.

 

 

Shunday qonun talablariga amal qilmasdan avtotransport haydovchilariga qonuniy choralar ko‘rish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha Shumanay tumani sudining tergov sudyasi J.Kdirniyazov tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi binosida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

 

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-3-moddasi bilan, ya’ni avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan 15 nafar shaxsga nisbatan to‘plangan 15 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish materiali ko‘rib chiqildi va ularga nisbatan qonuniy jazo choralari qo‘llanildi.

«SUDYA VA YOSHLAR» UCHRASHUVI

 

Qorao‘zak tumani «Yoshlar markazi»da Sud va huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda tuman yoshlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

 

Unda Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorao‘zak tuman sudining tergov sudyasi R.Matkurbanov, tuman prokurori B.Aberkulov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i B.Shaxanovlar ishtirok etib, o‘quvchi yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.

 

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartishlar, Yangi O‘zbekiston yoshlariga yaratib berilayotgan bugungi sharoitlar, shuningdek, sudyalik kasbining adolatni, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, kelgusida ushbu tizimda ishlashni xohlovchi yoshlar chuqur bilim olishga intilishi, o‘z ustida ishlashi zarurligi ta’kidlandi.

 

 

 

Shuningdek, yoshlarning huquqlari, ularga davlatimiz tomonidan beriladigan kafolatlar haqida tushunchalar berilib, 2024-2025-o‘quv yilida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» bitiruv marosimini o‘tkazish vaqtida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bunday tadbirlarni ixcham o‘tkazish bo‘yicha tartib-qoidalar tushuntirib o‘tildi.

 

 

 

Ushbu tashkil etilgan «Sudya va yoshlar» uchrashuvi ertangi kelajagini huquq-tartibot idoralari, davlat tashkilotlari bilan bog‘lash niyatidagi ko‘plab yoshlar uchun o‘ziga xos motivatsiya bo‘ldi.

 

 

SUD RAHBARLARI MANZIL KOLONIYASIDA UCHRASHUV O‘TKAZDI

 

Qo‘ng’irot tumanida joylashgan 27-manzil koloniyasida Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisining sayyor uchrashuvi tashkil etildi.

 

 

Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisi K.Tarixov, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Adilov va jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng’irot tumani sudi raisi E.Berdievlar ishtirok etib, jazo muddatini o‘tayotgan sudlanuvchilar bilan o‘z-aro suhbatlashdi.

 

 

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – mahkumlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularni qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlar bilan tanishtirish hamda mavjud muammolarni o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

 

 

Sud raisi sudlanuvchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdi. Ularning o‘ndan ortiq murojaatlari o‘rganilib, har biri bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.

 

 

Uchrashuv davomida sud raisi jazo muddatini o‘tayotganlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari ijrosi, jazoni engillashtirish, shartli ozod qilish va boshqa qonuniy mexanizmlar haqida ham ma’lumot berdi.

 

 

Tadbir yakunida bunday uchrashuvlar jazo muddatini o‘tayotganlarning huquqiy ongini oshirish, jamiyatga moslashishiga ko‘maklashish uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

 

HUQUQIY MASHG’ULOTLAR ORQALI YOSHLAR ONGIDA QONUNGA HURMAT RUHI SHAKLLANMOQDA

 

Mamlakatimizda huquqiy davlat barpo etish, qonun ustuvorligini ta’minlash va jamiyat a’zolari, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 may kungi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g’risida”gi Farmonida ham yuridik ta’limning uzluksizligini ta’minlash, voyaga etmaganlar va yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish asosiy ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

 

Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 avgust kungi tegishli Qarori bilan Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni qonunga itoatkorlik va huquqbuzarlikka toqatsizlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Mazkur dastur yoshlar o‘rtasida qonunga hurmat ruhini shakllantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Dastur doirasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qonunga itoatkor hamda huquqbuzarliklarga toqatsiz yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, sudyalar, amaliyotchi huquqshunoslar, profilaktika inspektorlari, prokurorlar, advokatlar va adliya xodimlari ishtirokida huquqiy mavzularda darsdan tashqari amaliy mashg’ulotlar tashkil etilmoqda.

 

Bu kabi mashg’ulotlar orqali o‘quvchilarga voyaga etmaganlarning huquq va burchlari, huquqbuzarlik tushunchasi va uning oqibatlari, shaxsiy huquq va erkinliklar, inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlanishi, davlat hokimiyati tizimi, sud hokimiyati va davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi haqida keng tushunchalar berilyapti.

 

Ana shunday dars mashg’ulotlaridan navbatdagisi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tashabbusi bilan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 2-sonli umumta’lim maktabida tashkil etildi.

 

 

Mazkur dars mashg’ulotida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Adilbek Seytnazarov va mazkur sudning sudyasi Muhabbat Qaypovalar tomonidan «Sud-odil sudlov qo’rg’oni» «Konstitutsiyaviy huquq va burchlar» mavzularida ma’ruzalar qilindi. Unda maktab o‘qituvchilari va yuqori sinf o‘quvchilari faol ishtirok etdi.

 

Dars jarayonida sudyalar o‘quvchilarga Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, davlat hokimiyati tarmoqlarining shakllanishi va ularning vazifalari haqida hayotiy misollar orqali keng tushunchalar berdi. Jumladan, qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyati tarmoqlari, ularning o‘zaro muvozanati hamda xalq manfaatlarini ta’minlashdagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tildi.

 

 

Ayniqsa, sud hokimiyatining adolatni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi roli, sudyalar faoliyatida qonun ustuvorligi va xolislik printsiplarining ahamiyati haqidagi ma’lumotlar o‘quvchilar uchun juda qiziqarli va foydali bo‘ldi.

 

Ushbu amaliy dars orqali o‘quvchilar huquqiy mavzularda o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldilar.

 

 

Mamlakatimizda yosh avlodni huquqiy jihatdan ongli va faol fuqarolar sifatida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq, ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan bunday dars mashg’ulotlari jamiyatda qonunga hurmat, huquqiy bilim va mas’uliyat tuyg’usini kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi. Konstitutsiyada belgilab berilgan davlat hokimiyatining shakllanishi, uning faoliyat yo‘nalishlari va xalq manfaatlarini ta’minlashdagi vazifalari haqidagi bilimlar har bir yosh fuqaro uchun hayotiy ahamiyat kasb etadi.

 

 

 

OTA-ONALIK HUQUQLARINI AMALGA OSHIRISHDA OTA-ONALAR YOZMA RAVISHDA KELISHUV TUZISHGA HAQLIMI?

 

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksining 76-moddasiga muvofiq, boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan ko‘rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta’lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.

 

 

Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan ko‘rishishiga, agar bunday ko‘rishish bolaning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.

 

 

Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasalar, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmaganda aybdor ota-onaga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan ota (ona)ning talabiga binoan bola manfaatlarini va uning fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

 

 

Bunda, bolasi bilan ko‘rishmagan ota yoki ona sud orqali uchrashuv vaqtini belgilatishi mumkin, biroq bu jarayon bolaning manfaatlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Sud bolaning yoshi, ruhiy holati va uning fikrini hisobga olib, uchrashuv tartibini belgilaydi. Bunday hollarda bola va ota-ona o‘rtasida muloqotni qayta tiklash uchun psixologik yordam va asta-sekinlik muhim omillardan biri hisoblanadi.

 

 

 

Zebo BAZARBAYEVA,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi

YOSHLARNING HUQUQIY MADANIYATINI YUKSALTIRISH MAQSADIDA SAYYOR OCHIQ SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar o‘rtasida turli jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mamlakatimizda har qanday huquqbuzarlik holatlariga qonuniy tarzda chora qo‘llanilishini ko‘rsatish va bu orqali yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida uchrashuv va sayyor ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

 

So‘nggi yillarda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, hududlarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzarliklarning asosiy sabablarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish muhim vazifa sifatida o‘z ifodasini topmoqda.

 

 

 

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi PQ-1-sonli qaroridan kelib chiqib xalqimiz, jumladan, yoshlar o‘rtasida shunday targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

 

 

 

Tadbirda Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining tergov sudyasi D.Srajatdinov so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, jamiyatimiz va davlatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng, sudya tomonidan sayyor ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan yoshlarga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish materiallari ko‘rib chiqilib, tegishli jazolar tayinlandi. Shu bilan birga, sayyor sud ishtirokchilari ana shunday qilmishlardan tiyilishga, tegishli xulosa chiqarishga chaqirildi.

 

 

 

Albatta, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yoshlarning huquqiy-demokratik davlat barpo etishdek ezgu maqsadlarimiz yo‘lidagi bilimlarini oshirib, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

 

SUDYA TOMONIDAN AMALIY DARS O‘TKAZILDI

 

Shumanay tumanidagi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi S.Niyazov tomonidan amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.

 

 

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari haqida o‘quvchilarga keng tushunchalar berildi.

 

 

 

Albatta, sudyalar tomonidan bunday amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi juda muhim. Zero, bu tadbirlar yoshlarga inson huquqlari, ularning kafolatlari va himoyasi haqida tushuncha berishga qaratilgan. Inson huquqlari tushunchasi, ularning umumiy tamoyillari, bunday huquqlarning himoyasi va ularning hayotimizdagi ahamiyati bo‘yicha ma’lumot berish orqali, qonunlar va normalarning inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni ham mustahkamlanadi.

 

 

O‘z navbatida o‘quvchilar ham ochiq darslar asosida huquqiy savodxonligini oshiradi. Shuningdek, o‘quvchilarning qonunlarni bilishga, huquqiy sohaga bo‘lgan qiziqishi ortib, huquqlarini himoya qilishni o‘rganadi, shu bilan birga demokratik qadriyatlarni yanada chuqurroq bilishiga imkon yaratadi.

TO‘LOVGA QOBILIYATSIZ DEB TOPISH TO‘G’RISIDAGI ISHLARNI KO‘RISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI: SUD AMALIYOTIDAGI MUAMMOLAR VA ULARNING ECHIMI

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi tashabbusi bilan O‘zbekiston Savdo-sanoat Palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasida “To‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g’risidagi ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari: sud amaliyotidagi muammolar va ularning echimi” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.

 

 

Tadbirga sudyalar, Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi, prokuratura, davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, sud boshqaruvchilari qatnashdi.

 

 

 

Seminarda, Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi B.Ktaybekov so‘z olining raisi B.Ktaybekov so‘z olib, to‘lovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) murakkab va ko‘p jihatli huquqiy jarayon bo‘lib, uni to‘g’ri yuritish mas’ul soha vakillaridan chuqur bilim, tahlil qilish qobiliyati va amaliy tajriba talab etishini ta’kidladi. Chunki, sud amaliyotida bankrotlik ishlarining soni ortib borishi, ayniqsa kichik va o‘rta biznes sohalarida, ushbu masalaga jiddiy yondashishni taqozo etmoqda. “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qarzdorlarning moliyaviy qobiliyatini aniqlash va ularning to‘lovga qobiliyatsizligini to‘g’ri baholash imkonini beradi. Shu boisdan ham, mazkur qonun normalarni to‘g’ri va aniq qo‘llash sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

 

“2025 yilning 1-mart holatiga sudlarning ish yurituvida tugatishga doir ish yuritish muddati bir yildan oshgan 82 ta to‘lovga qobiliyatsiz (bankrot) korxonalar mavjud bo‘lib, ushbu toifadagi ishlar ayrim hollarda harakatsiz qoldirilgan yoki tugatish boshqaruvchisi tomonidan oraliq va yakuniy hisobot taqdim qilinmagan”-deydi Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi A.Ayapov o‘z ma’ruzasida. Qonun talabiga ko‘ra, har chorakda oraliq hisobot, ish tugaganda — yakuniy hisobot topshirilishi shart.

 

 

Bankrotlik jarayonlarining cho‘zilishi kreditorlarning manfaatlariga zarar etkazadi, iqtisodiy muomaladagi ishonchni kamaytiradi va biznes muhitini noaniq holga keltiradi.

 

Tadbirda to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan hamda bir yildan ortiq muddat davomida tugatish ishlari yakunlanmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha ish holatlari shu ishga mas’ul bo‘lgan shaxslar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

 

 

Shuningdek, Soliq kodeksi hamda “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g’risida”gi qonun va boshqa qonunosti hujjatlari normalari bilan ishlashda ularni amalda to‘g’ri qo‘llash, qonunchilikda belgilangan protsessual muddatlarga og’ishmay rioya qilish, ishlarni ko‘rib chiqishda tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlariga putur etkazmaslik hamda yuzaga kelayotgan muammoli holatlarni qonun doirasida bartaraf etish lozimligi atroflicha tushuntirildi.

 

Tadbir so‘nggida ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.

SUD MAJLISLARIDA MASOFADAN TURIB ISHTIROK ETISHNING HUQUQIY ASOSLARI BELGILANMOQDA

 

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarning o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sudlarga murojaat qilishini liberallashtirish, umuman odil sudlovga erishish darajasini oshirish, shuningdek, sudlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash imkonini yaratdi.

 

Natijada ariza berish, ishda masofadan turib ishtirok etish, sud hujjatlarini olish va ishlarning ko‘rilishi to‘g’risida ma’lumot olish kabi xizmatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlar portali orqali elektron shaklda amalga oshirilmoqda.

 

Shu bilan birga, videokonferentsaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferentsaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish orqali protsessual qonunchilikni takomillashtirish zarurati paydo bo‘ldi.

 

Shu bois, protsessual qonunchilikni takomillashtirish maqsadida 2025 yil 11 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining «Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida»gi O‘RQ-1047-sonli Qonuni qabul qilindi va 2025 yil 12 mart kunidan qonuniy kuchga kirdi.

 

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi kodeksiga aholining sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etishining huquqiy asoslarini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

Xususan, qonun bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirokini ta’minlash uchun ko‘rsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan eri yoki turgan joyi bo‘yicha tegishli sudlarning videokonferentsaloqa tizimlaridan yoki ishni ko‘rayotgan sudning mobil videokonferentsaloqa tizimidan foydalanishi, videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirokini ta’minlayotgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelgan-kelmaganligini tekshirishi va kelgan shaxslarning shaxsini aniqlashi, videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida mobil videokonferentsaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan shaxslarning shaxsi ishni ko‘rayotgan sud tomonidan axborot texnologiyalaridan foydalangan holda aniqlanishi, videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferentsaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga o‘z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilishi, shuningdek guvohning qasamyodi audio va videoyozuv orqali yozib olinishi hamda bu haqida sud majlisining bayonnomasida ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.

 

Ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar fuqarolarning, tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning, tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

 

 

Spartak NIYAZOV,

Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

SUDYALAR BILAN OCHIQ MULOQOT

 

Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov Nukusda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudlari sudyalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

 

Sudyalar va ularning oila a’zolari ishtirok etgan tadbir mansab vakolatini suiiste’mol qilishning achchiq oqibatlari aks etgan videofilm namoyishi bilan boshlandi. Tizimning tegishli jazo o‘tayotgan sobiq vakillari afsus-nadomatlari sudyalar va ularning oila a’zolari uchun ham o‘ziga xos saboq vazifasini o‘tadi.

 

 

 

Sudya shaxsiyati, uning odob-axloqi va hayot tarzi nafaqat huquqiy qarorlarni qabul qilish jarayonida, balki jamiyatda adolatga bo‘lgan ishonchni shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Mazkur tadbirda sudyalar va ularning oila a’zolari ishtirokida mansab vakolatini suiiste’mol qilishning og’ir oqibatlarini aks ettiruvchi videofilm namoyishi shunga yaqqol misoldir.

 

 

 

Bu tadbirning diqqatga sazovor jihati – jazo o‘tayotgan sobiq sudyalarning chin ko‘ngildan aytgan afsus-nadomat so‘zlari sudyalarga o‘ziga xos saboq berishga urinish bo‘ldi.

 

 

Uchrashuvda mamlakatimizda izchil davom etayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida sud hokimiyati nufuzini oshirish va sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlab, ularning ijtimoiy muhofazasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Sudyalarning majburiyatlari va Sudyalar odobi kodeksiga rioya etilishida malaka hay’atlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirib, qo‘shimcha choralar ko‘rish zaruriyati xususida so‘z yuritildi.

 

 

 

Qayd etildiki, so‘nggi yillarda sud tizimi, sudyalarning mustaqilligini ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasiga qaratilayotgan e’tibor sudyalar hamjamiyati a’zolari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bunday mas’uliyat sudyadan qat’iyat, qasamyodga sodiqlik va halollikni talab etadi.

 

 

Shuningdek, ochiq muloqotda intizomsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, odamlarni sarson qilmaslik, ishlarni ko‘rishda  protsessual muddatlarga rioya etib, o‘z vaqtida qonuniy ko‘rib chiqishi hamda sudyalar odob kodeksi talablariga qat’iy amal qilishi uqtirildi. Har bir ish zamirida inson taqdiri, haq-huquqi yotgani hamisha e’tiborda bo‘lishi shartligi, sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini ta’minlash, ularning odil sudlov bilan bog’liq faoliyatida turli aralashuvlarning oldini olish, tizimda korruptsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini yanada oshirish, sohadagi muammolar va ularning echimlari to‘g’risida fikr almashildi.