SUD MAJLISLARIDA MASOFADAN TURIB ISHTIROK ETISHNING HUQUQIY ASOSLARI BELGILANMOQDA
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarning o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sudlarga murojaat qilishini liberallashtirish, umuman odil sudlovga erishish darajasini oshirish, shuningdek, sudlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash imkonini yaratdi.
Natijada ariza berish, ishda masofadan turib ishtirok etish, sud hujjatlarini olish va ishlarning ko‘rilishi to‘g’risida ma’lumot olish kabi xizmatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlar portali orqali elektron shaklda amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, videokonferentsaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferentsaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish orqali protsessual qonunchilikni takomillashtirish zarurati paydo bo‘ldi.
Shu bois, protsessual qonunchilikni takomillashtirish maqsadida 2025 yil 11 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining «Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida»gi O‘RQ-1047-sonli Qonuni qabul qilindi va 2025 yil 12 mart kunidan qonuniy kuchga kirdi.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi kodeksiga aholining sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etishining huquqiy asoslarini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, qonun bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirokini ta’minlash uchun ko‘rsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan eri yoki turgan joyi bo‘yicha tegishli sudlarning videokonferentsaloqa tizimlaridan yoki ishni ko‘rayotgan sudning mobil videokonferentsaloqa tizimidan foydalanishi, videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirokini ta’minlayotgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelgan-kelmaganligini tekshirishi va kelgan shaxslarning shaxsini aniqlashi, videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida mobil videokonferentsaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan shaxslarning shaxsi ishni ko‘rayotgan sud tomonidan axborot texnologiyalaridan foydalangan holda aniqlanishi, videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferentsaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga o‘z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilishi, shuningdek guvohning qasamyodi audio va videoyozuv orqali yozib olinishi hamda bu haqida sud majlisining bayonnomasida ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar fuqarolarning, tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning, tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Spartak NIYAZOV,
Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi