ORTIQCHA TO‘LANGAN VA UNDIRILGAN SOLIQLARNI QAYTARISH TARTIBI

 

O‘zbekiston Respublikasi davlat g’aznasining asosiy manbalari ichida soliqlar va majburiy to‘lovlar alohida o‘rin tutadi. Soliq to‘lash – har bir fuqaro va xo‘jalik yurituvchi sub’ektning Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchi hisoblanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida soliqlar va yig’imlarni belgilash, joriy etish, hisoblash hamda to‘lash tartiblari, shuningdek, soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog’liq munosabatlar aniq tartibga solib qo‘yilgan.

 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, agar soliq to‘lovchi tomonidan soliq ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan bo‘lsa va u soliq bo‘yicha qarzdor bo‘lmasa, mazkur summa soliq to‘lovchiga qaytarilishi yoki kelgusidagi soliq to‘lovlari hisobidan hisobga olinishi lozim.

 

Agar soliq to‘lovchining soliq bo‘yicha qarzi mavjud bo‘lsa, ortiqcha to‘langan yoki undirilgan summa avvalo shu qarzni, keyin penya va jarimalarni qoplash uchun bosqichma-bosqich hisobga olinadi.

 

Ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olish yoki qaytarish to‘g’risidagi qaror soliq organi tomonidan tegishli holat aniqlangan yoki soliq to‘lovchining yozma arizasi qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida qabul qilinadi.

 

Soliq to‘lovchi ariza bilan murojaat etgan taqdirda, ortiqcha to‘langan summa to‘liq yoki qisman qaytarilishi mumkin. Bu qoida qo‘shilgan qiymat solig’i (QQS) bo‘yicha ham tatbiq etiladi.

 

Qaytarish yoki hisobga olish milliy valyutamiz – so‘mda amalga oshiriladi. Ortiqcha to‘langan yoki undirilgan soliq summasi soliq to‘lovchining yozma arizasi olingan kundan e’tiboran 15 kun ichida, barqarorlik reytingi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga esa 3 kun ichida qaytarilishi shart (QQS bundan mustasno).

 

Bunday arizalar soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘lov qilingan kundan yoki ortiqcha undirilgani ma’lum bo‘lgan kundan boshlab uch yil ichida taqdim etilishi mumkin.

 

Soliq organi arizani ko‘rib chiqib, ortiqcha to‘langan summa qaytarilishi yoki hisobga olinishi haqidagi qarorni odatda 10 kun ichida, yuqori reytingli tadbirkorlar bo‘yicha esa 2 kun ichida qabul qiladi. Agar rad etish haqida qaror qabul qilinsa, bu haqda soliq to‘lovchiga 3 kun ichida ma’lum qilinishi shart.

 

Agar soliq organi belgilangan muddatda ortiqcha to‘langan summani qaytarmasa, kechiktirilgan har bir kun uchun foizlar hisoblanadi. Ushbu foizlar Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi asosida belgilanadi va davlat byudjeti mablag’lari hisobidan to‘lanadi.

 

 

 

Spartak NIYAZOV,
Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi