ODAM SAVDOSI – INSON QADRIGA QILINGAN XIYONAT
Odam savdosi shunday jinoyatki — u ishonch orqali amalga oshadi. Inson o‘z hayotini yaxshilash umidida ish izlab yo‘lga chiqadi, ammo ayrim hollarda ishonchini suiste’mol qilgan kimsalar tomonidan aldanib, hatto sotilib yuboriladi. Boshqa odamning taqdiri, erkinligi va qadrini o‘z manfaati uchun qurbon qiluvchi bu jinoyat nafaqat huquqiy, balki axloqiy fojiadir. Uning qurbonlari orasida yosh qizlar, bolalar, ishsizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Odam savdosi — bu zamonaviy qullikdir. Jinoyatchilar aldash, majburlash, tahdid qilish, foyda va’da qilish kabi yo‘llar bilan insonlarni ekspluatatsiya qiladi. Bu jinoyatning asosiy ko‘rinishlari:
-Jinsiy ekspluatatsiya;
-Majburiy mehnat;
-Ichki a’zolarni noqonuniy olish;
-Majburiy niqoh;
-Bolalarni asrab olish niqobi ostida foydalanish.
Buning ortida ko‘zga ko‘rinmas, lekin millionlab dollar aylanadigan jinoiy tarmoqlar turibdi. Ular inson hayotini pulga aylantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi bu jinoyatga qarshi kurashda qat’iy pozitsiyani egallagan. Mamlakatimizda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g’risida»gi Qonun qabul qilingan, Jinoyat kodeksining 135-moddasida odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan, Odam savdosiga qarshi kurashish va jabrlanuvchilarni muhofaza qilish bo‘yicha idoralararo komissiyalar tuzilgan, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyat va tumanlarda Reabilitatsiya markazlari faoliyat yuritmoqda, sud, prokuratura, IIO, migratsiya va mehnat organlari o‘rtasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, odam savdosining oldini olish bo‘yicha 2020–2024 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi qabul qilingan bo‘lib, u profilaktika, ta’lim, xalqaro hamkorlik, jazo muqarrarligi kabi asosiy yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Odam savdosining oldini olishda jinoyat sodir bo‘lgach kurashish emas, balki jinoyatning oldini olish – eng samarali vositadir. Buning uchun maktab va OTMlarda o‘quvchilarga odam savdosi haqida ma’lumot berish, aholi o‘rtasida targ’ibot ishlarini kuchaytirish, mehnat migrantlarini huquqiy axborot bilan ta’minlash, ishsizlik, kam ta’minlanganlik kabi omillarga qarshi choralar ko‘rish, internet orqali faoliyat yuritayotgan shubhali takliflarni fosh etish lozim.
Jinoyatchilar ko‘pincha ish topib berish, chet elda o‘qish, oliy daromad va’dasi bilan odamlarni aldashadi. Shu sabab, har bir fuqaro xavf-xatarlar haqida xabardor bo‘lishi shart.
Odam savdosi — inson qadri, erkinligi va huquqiga qarshi sodir etiladigan jinoyatdir. Unga qarshi kurash nafaqat davlat organlari, balki har bir oila, har bir fuqaro uchun ham yuksak mas’uliyat demakdir. Bolalarimiz, ayollarimiz, kelajak avlod bu kabi xatarlarga duchor bo‘lmasligi uchun-ogohlik, bilim, ishonchli ma’lumot va huquqiy muhofaza muhimdir.
Davlatimiz inson huquqlarini ustuvor qadriyat sifatida belgilagan. Shu sabab, odam savdosiga qarshi kurashish — bu faqat jazo choralari emas, balki insonparvarlik, adolat va erkin hayotni ta’minlashdir.
Sayora AYTNIYAZOVA,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi