OILALAR MUSTAHKAMLIGI TA’MINLANDI
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudlari hamkorligida Nukus shahrida oilalar mustahkamligini ta’minlash va farzandlar tarbiyasiga bag’ishlangan amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga notinch oilada yashayotgan, ajralish arafasida turgan, sudga ajralish bo‘yicha da’vo ariza bilan murojaat qilgan er-xotinlar va ularning ota-onalari taklif etildi.
Tadbirda biron kim ma’ruza o‘qimadi. Aksincha, tadbir noan’anaviy, yig’ilganlarga bir oilaning nikohdan ajrashgandan keyingi taqdiri bayon qilingan “Farzand omonat” nomli qisqa metrajli kino film namoyish etishdan boshlandi.
Atigi 20 daqiqacha davom etgan film yig’ilganlarni befarq qoldirmadi, ko‘pchilik ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
Natijada, film namoyishidan xulosa qilgan 12 ta oila tiklandi. Ajrashib, arazlashib, sudlashib yurgan er-xotinlarning yarashgani bir tomon, ularning ota-onalari, farzandlari quvonchi bir tomon bo‘ldi.
Eng asosiysi, ushbu oilalarning jami 22 nafar farzandi endi ota-ona bag’rida kamol topadigan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlariga oilalarning mustahkamligi, undagi sog’lom muhitning jamiyatimiz ertangi kuniga ijobiy ta’sirini hisobga olgan holda nikohdan ajratish ishlarini sudda ko‘rishda er-xotinlarning ota-onasi va jamoatchilik vakillari, jumladan mahalla hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining joylardagi vakillari ishtirokini ta’minlashga e’tiborli bo‘lish, bunday tadbirlarni hududlar kesimida o‘tkazib borish tavsiya etildi.