O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 732-moddasida belgilanganidek, qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf — qarz beruvchi ikkinchi tarafga, ya’ni qarz oluvchiga pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa, qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yo qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni yoxud qarz summasini qaytarib berish majburiyatini oladi.
Qarz shartnomasi shartiga ko‘ra, qiymatga ega olingan narsa shartnomada ko‘rsatilgan vaqtda qaytarilishi lozim. Bordi-yu, qaytarish muddati shartnomada ko‘rsatilmagan bo‘lsa, qarz qarzni beruvchi talab qilgan vaqtda qaytarilishi kerak.
Qarz shartnomasining boshqa shartnomalardan farqlanadigan, yuridik ahamiyatga ega o‘ziga xos xususiyatlari mavjud.
Xususan, qarz shartnomasi real bo‘lib, uning ma’nosi shundaki, shartnoma narsa, pul yoki ashyoni qarz beruvchi qarz oluvchiga topshirish paytidan vujudga keladi va xuddi shu vaqtdan shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Qarz shartnomasi bir tomonlama shartnoma hisoblanib, bir taraf — qarz beruvchi qarz berish huquqiga ega bo‘lsa, ikkinchi tomonda qarz narsasini qaytarish majburiyati vujudga keladi. Shartnomaga ko‘ra, qarzdor olgan mulkdan foydalanib, uni boshqarish huquqi berilganligi tufayli mulkning vaqtinchalik egasi hisoblanadi. Qarz shartnomasi aksariyat hollarda tekinga tuziladi. Qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda foizlar olishga yo‘l qo‘yiladi. Fuqarolar o‘rtasida qarz summasi eng kam ish haqining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, shartnoma oddiy yozma shaklda tuzilishi shart. Shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa, summasidan qat’i nazar qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak.
Agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoxud muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar mavjud bo‘lsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi. Bordi-yu, qarz majburiyati qarz oluvchi tomonidan veksel, obligatsiya yoki qarz summasini va qarz beruvchining uni undirib olish huquqini belgilaydigan boshqa qimmatli qog’oz bilan tasdiqlangan bo‘lsa, bunday holda qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
Qarz beruvchi qarzni vaqtida qaytarib ololmaganida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi mavjud.
Qarzni undirish haqida sudga agar notarila tasdiqlangan nizosiz talab bo‘lsa sud buyrug’ini berish to‘g’risida ariza bilan yoki da’vo ariza shaklida fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlariga murojaat qilinadi.
Sudga ariza berilganda da’vo bahosining (qarz summasi) 4 foizi miqdorida davlat boji undiriladi. Agar qarz shartnomasi bo‘yicha taraflar yuridik shaxslar bo‘lsa, davlat boji da’vo bahosining 2 foizi miqdorida undiriladi.
Da’vo arizada (arizada) sudning nomi, da’vogar (arizachi) va javobgar (qarzdor) F.I.Sh va yashash manzillari, bog’lanish ma’lumotlari, rekvizitlari (agar mavjud bo‘lsa), da’vo asosi va summasi hamda talab ko‘rsatiladi va da’vogar (arizachi) yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Da’vo ariza (ariza)ga uning nusxasi, da’vo talablarini tasdiqlovchi hүujjatlar, ya’ni qarz shartnomasi yoki unga tenglashtirilgan yozma hujjatlar asl nusxasi, davlat boji va pochta xarajati to‘langani to‘g’risida hүjjatlar va boshqa hujjatlar ilova qilinadi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instantsiya sudlari tomonidan 2025 yil davomida qarzni undirish bilan bog’lik jami 1188 fuqarolik ishi ko‘rib tamomlangan, shundan 1030 da’vo ariza qanoatlantirilgan, 48 tasi rad etilgan, 13 ta ish ish yuritishdan tugatilgan, 97 ta ariza ko‘rmasdan qoldirilgan.
Shu o‘rinda sud amaliyotidan bir misol, da’vogar X.Axmedov sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, javobgar N.Kobeysinovdan 15.000.000 so‘m qarz pulini undirib berishni so‘ragan.
Sud hal qiluv qarori bilan da’vo ariza qanoatlantirilib, javobgar N.Kobeysinovdan da’vogar X.Axmedovning foydasiga 15.000.000 so‘m qarz puli va sud xarajatlari undirilgan.
Chunki, da’vogar X.Axmedov 2025 yili may oyida javobgar N.Kobeysinovga qaytarib berish sharti bilan qarzga 15.000.000 so‘m bergan. Bu haqida javobgar N.Kobeysinov til xat yozib bergan lekin qarz pulni da’vogar talab qilgan paytdan buyon qaytarmagan.
Sud majlislarida N.Kobeysinov da’vo talabini tan olib, da’vogar X.Axmedovdan qarz olganligini, lekin hozirgi kunda moddiy ahvoli tufayli qaytara olmayotganligini bildirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 732, 733, 735-moddalariga ko‘ra, qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi. Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi. Fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi eng kam ish haqining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart. Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi. Agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjat mavjud bo‘lsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.
Amaldagi Fuqarolik kodeksi 735-moddasining 1 va 2-qismlariga ko‘ra, qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart. Agar qarz summasini qaytarish muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qo‘ygan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida qaytarishi kerak.
Ushbu qonun talablariga asosan sud, da’vogar X.Axmedovning da’vo arizasini qanoatlantirish haqida xulosaga kelgan.
Saodat KAIPNAZAROVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi