FUQAROLAR BILAN OCHIQ MULOQOT: SUD RAISLARI ODAMLAR DARDINI ESHITDI

 

Nukus shahrida aholi bilan ochiq muloqot uyushtirildi. Sud tizimi vakillari — Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi S. Niyazov, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi raisi Sh. Shamambetov hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi raisi M. Sapaevlar “Janga zaman”, “Bes to‘be”, “Jiydeli baysin” va “Jayhun” mahallalarida fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.

 

Uchrashuvlar davomida fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan turli masalalar — er va uy-joy bilan bog’liq nizolar, meros, qarzdorlik va boshqa huquqiy muammolar yuzasidan murojaatlar bilan chiqdilar. Sud raislari har bir masalani alohida tinglab, fuqarolarga aniq huquqiy echimlar va amaliy tavsiyalar berdilar.

 

— Bunday ochiq muloqotlar fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Eng muhimi, odamlar o‘z muammosiga qonun doirasida echim topish mumkinligini anglab etadi, — deydi Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi S. Niyazov.

 

Shuningdek, tadbirlarda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, 2025 yil 26 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida”gi O‘RQ–1084-sonli qonun mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi.

 

Mazkur qonun orqali fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, jinoyatchilikning oldini olish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim o‘zgartishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

 

Shu bilan birga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka qarshi kurashish hamda bu kabi holatlarda jabrlanuvchilarni himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

— Oiladagi zo‘ravonlik jamiyat barqarorligiga tahdid soladi. Shu bois, har bir fuqaro o‘z huquqini bilishi va qonun asosida himoya qila olishi muhim, — dedi jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi raisi Sh. Shamambetov.

 

Fuqarolar bunday uchrashuvlarning ahamiyatini yuqori baholab, sud tizimi vakillariga o‘z minnatdorliklarini izhor etdilar. Ularga ko‘ra, ochiq muloqotlar orqali nafaqat muammolarga echim topiladi, balki huquqiy madaniyat ham oshadi.