“DAVLAT BOJI TO‘G’RISIDA”GI QONUNGA MUHIM QO‘SHIMCHA VA O‘ZGARISHLAR KIRITILDI
2025 yil 20 fevralda qabul qilingan O‘RQ-1032-sonli qonun bilan “Davlat boji to‘g’risida”gi qonunga muhim qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritdi. Yangi tartibga ko‘ra, elektr va issiqlik energiyasi etkazib beruvchi tashkilotlar iste’molchilardan qarzdorlikni sud orqali undirish uchun murojaat qilganda davlat bojini to‘lamaydi. Bu ularga o‘z mablag’larini tejash va qarzdorlikni tezroq undirish imkoniyatini beradi. Shuningdek, chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilishda davlat bojini to‘lash muddati aniq belgilab qo‘yildi, bu esa xorijiy biznes uchun huquqiy tartiblarning yanada ravshanlashishiga xizmat qiladi.
Qonunning aholi uchun ahamiyati, eng avvalo, xizmatlar sifatini oshirish va uzluksizligini ta’minlashda namoyon bo‘ladi. Xizmat ko‘rsatuvchilar o‘z mablag’larini davlat bojiga sarflamay, ularni ta’mirlash va xizmatlarni yaxshilashga yo‘naltira oladi. Sud orqali qarzlarni undirish imkoniyati engillashgani uchun iste’molchilar ham o‘z vaqtida to‘lov qilishga intiladi, natijada to‘lov intizomi kuchayadi. Bu o‘z vaqtida to‘lov qiladigan fuqarolar manfaatlarini himoya qiladi, adolatlilikni ta’minlaydi.
Chet el kompaniyalari uchun akkreditatsiya tartibining aniqlashtirilishi esa mamlakatimizga yangi xizmatlar va texnologiyalarni olib kirishga sharoit yaratadi. Bu orqali ish o‘rinlari yaratilishi, investitsiya muhiti yaxshilanishi va aholi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin.
Qonunning ahamiyati shundaki, u bir tomondan aholi va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni adolatli yo‘lga qo‘yadi, ikkinchi tomondan xizmatlarning barqaror va sifatli bo‘lishini ta’minlaydi. Natijada aholi elektr va issiqlik kabi kundalik hayot uchun zarur xizmatlarni uzluksiz olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, jamiyatda esa tartib va mas’uliyat kuchayadi.
Gulistan ESHNAZAROVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi






