OTA-ONALIK HUQUQLARINI AMALGA OSHIRISHDA OTA-ONALAR YOZMA RAVISHDA KELISHUV TUZISHGA HAQLIMI?
O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksining 76-moddasiga muvofiq, boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan ko‘rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta’lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.
Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan ko‘rishishiga, agar bunday ko‘rishish bolaning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.
Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasalar, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmaganda aybdor ota-onaga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan ota (ona)ning talabiga binoan bola manfaatlarini va uning fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Bunda, bolasi bilan ko‘rishmagan ota yoki ona sud orqali uchrashuv vaqtini belgilatishi mumkin, biroq bu jarayon bolaning manfaatlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Sud bolaning yoshi, ruhiy holati va uning fikrini hisobga olib, uchrashuv tartibini belgilaydi. Bunday hollarda bola va ota-ona o‘rtasida muloqotni qayta tiklash uchun psixologik yordam va asta-sekinlik muhim omillardan biri hisoblanadi.
Zebo BAZARBAYEVA,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi