BOLALARNI BO‘RONLARDAN EMAS, O‘ZIMIZDAN ASRAYLIK!
Bola-nozik jon, Yaratganning in’omi. Uyosh nihol bo‘lib, qanday parvarish qilinsa, shunday meva beradi. Shuning uchun farzand tarbiyasi, unga ilm-ma’rifat berish, kasb-hunarga o‘rgatish azaldan eng muhim vazifa hisoblanadi. Odob-axloq, kattalarga hurmat, oilaga, kindik qoni to‘kilgan yurtga sadoqat fazilatlarini kamol toptirish, bola tarbiyasida eng muhim vazifadir!
Farzandlar qanday inson bo‘lib voyaga yetishi birinchi navbatda oilaga bog‘liq. Har bir inson o‘z oilasi oldida mas’uldir. Bu mas’uliyatni his qilish orqali biz Vatan oldidagi farzandlik burchimizni bajargan bo‘lamiz.
Bola tarbiyasi – butun jamiyatning asosiy ishi, ayni paytda har bir fuqaroning burchi. Bola oilada to‘g‘ri tarbiya olsa, maktabda namunali o‘quvchiga aylanadi. Albatta, bunda o‘z-o‘zidan huquqiy ong, huquqiy madaniyat ham shakllanib boradi. Farzandlari oqil, yoshlari bilimli va vatanparvar bo‘lib ulg‘aygan davlat kuchli davlatdir. Nega deganda, bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda millat va xalq taqdirini nafaqat moddiy, balki ma’naviy boylik hal qiladi.
Zamon talablaridan kelib chiqib, «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Qonun 5 bob va 51 moddadan iborat bo‘lib, qonun bilan bolaga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi hamda jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonliklardan tashqari uning yangi turlari – g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling va shunga o‘xshash zo‘ravonliklar qayd etilgan.
Shuningdek, davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘rishi, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish va ularning huquqlarini tiklash hamda ularning ijtimoiy shakllanishi uchun tegishli bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rishi belgilangan.
Shu bilan bir qatorda, tegishli organlarning bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid vakolatlari, hamkorlikda ishlash mexanizmi va mas’uliyatli vazifasi ham nazarda tutilgan.
Muhimi, qonun bilan nafaqat zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarni himoya qilish, balki zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash va ularga nisbatan zo‘ravonlik tahdidlarini bartaraf etish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
21 oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan 978-sonli Qonun bilan O‘zbekistonda bolalarga nisbatan uning yaqin kishilari tomonidan oilaviy zo‘ravonlik ko‘rsatilganligi uchun javobgarlik belgilangan edi. Mazkur Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirildi.
Dunyoda har yili bolalarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka uchraydi. Bu haqda 8 noyabr kuni Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga bag‘ishlangan birinchi global vazirlar konferensiyasida ma’lum qilindi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMT va Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tashkil etgan ikki kunlik konferensiyada 130 mamlakatdan hukumat vakillari, shuningdek, 90 vazir ishtirok etdi. BMTning 2024 yilgi hisobotiga ko‘ra, dunyoda 15 yoshgacha bo‘lgan 2,04 milliard bola bor. Voyaga yetmaganlar umumiy aholining taxminan 25 foizini tashkil etadi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoning yarmidan ko‘pi (1 milliarddan ortiq) bolalar zo‘ravonlikka uchraydi. Konferensiya yakunida 100 dan ortiq davlat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha majburiyatlar olgan, 9 ta davlat esa jismoniy jazoga barham berishni va’da qilgan.
Asosiy statistik ma’lumotlar:
-har yili 2 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘pi zo‘ravonlikning turli shakllariga duchor bo‘ladi. Bu 1 milliarddan ortiq bolani tashkil etadi;
-har uch boladan ikkitasi doimiy ravishda oilada jazoga tortilgan;
-har beshinchi qiz va o‘g‘il bola jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi;
-25 foizdan 50 foizgacha bolalar tazyiq qurboni bo‘ladi;
-o‘g‘il bolalar o‘rtasida zo‘ravonlik, ko‘pincha o‘q otar yoki boshqa sovuq qurol ishlatilgan holda va bu o‘limning asosiy sababidir.
Konferensiya yakuniga ko‘ra, 2030 yilga qadar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik darajasini kamaytirish maqsadida davlatlar uchun maqsad va vazifalar belgilangan hujjat qabul qilindi. Burundi, Gambiya, Qirg‘iziston, Panama, Shri-Lanka, Uganda va Tojikiston hukumatlari har qanday sharoitda bolalarga nisbatan jismoniy jazolashni taqiqlash majburiyatini oldi. Nigeriya hukumati maktablarda jismoniy jazolashni taqiqlashga va’da berdi.
UNICEF o‘z hisobotida bugungi kunda 370 milliondan ortiq qiz va ayol, ya’ni mamlakat bo‘ylab har sakkizinchi qiz yoki ayol 18 yoshga to‘lishidan oldin zo‘ravonlikka uchragani yoki jinsiy tajovuzga uchragani ma’lum qilingan.
Bolalar tazyiq va zo‘ravonlikka uchraganda qanday yo‘l tutish kerak, kimga murojaat qilish kerak degan savollar ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Mamlakatimizda bolalarning shikoyat qilish sirliligi, bolalar uchun do‘stona munosabat mexanizmidan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash va ulardan foydalanishga undash masalalari qanday ahvolda, degan savollarga ham, hozirgi kunda ijobiy javob berish qiyin. Masalan, bolalar bog‘chasida bog‘cha tarbiyachisi tomonidan tazyiqqa uchragan yoki kamsitilgan bolani kim himoya qiladi? U o‘z huquqini himoya qilishni bilmasligi aniq. Ota-onalar esa bu holatdan ko‘pincha bexabar qoladi. Sababi bolani bog‘cha tarbiyachisi urganda burni qonagan bo‘lsa, bolaning ota-onasi kelguncha tozalab iz qolmagan bo‘ladi, urgan joyini kim ekspertizaga berib yuradi? Afsuski, shu tarzda bolajonlarga ozor berishlar davom etaveradi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining joriy yil 21 fevraldagi qo‘shma qarori bilan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Beshinchi davr mavzusi ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlangan bo‘lib, ushbu rejada 100 ta tavsiya hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari va mas’ul organlar hamda ijro muddatlari belgilangan.
Ushbu harakatlar rejasining 9-bandiga asosan Bolalarga nisbatan shikoyat qilishning maxfiyligi, bolalar uchun do‘stona munosabat mexanizmidan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash va ulardan foydalanishga undash tavsiya etilgan. Bu haqda bolalarning ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha shikoyatlarni qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bolalar uchun ishonch telefonlarini tashkil etish, davlat organlari rasmiy veb-saytlarida bolalarga moslashtirilgan sahifalar ochish, ijtimoiy va tarbiyaviy videoroliklar tayyorlash hamda ularni ommaviy axborot vositalarida namoyish etib borish belgilangan.
Negaki, hozirgi texnika davrida barcha bolalarda texnik vositalardan foydalanish ko‘nikmalari shakllanganligini hisobga olib, ularga nisbatan zo‘ravonlik qilingan holatlar yuzasidan bolalar zudlik bilan tegishli organlarga murojaat qilishi nazarda tutilgan.
Hech kimga sir emas, ba’zan internet tarmoqlarida bolalarning jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlikka uchraganligi haqida noxush xabarlar tarqalmoqda, yuqorida ko‘rsatilgan mexanizmlardan keng foydalanilganligi natijasida tegishli organlar zudlik bilan voqea joyiga yetib kelayotganligi va zo‘ravonlikka uchragan bolaning huquqlarini tiklash hamda uni reabilitatsiya qilish, aybdor shaxslarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ta’minlanayotganligini ta’kidlashimiz lozim.
Shu bois, bu haqda ijtimoiy roliklar ishlab chiqilishi va internet tarmoqlarida joylashtirib borilishi, bolalarning huquqiy ongi, huquqiy madaniyatini oshirishga hamda kelgusida uchrashi mumkin bo‘lgan bunday salbiy holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi hamda o‘zini zo‘ravonlikdan qanday himoya qilish kerakligi haqida ko‘nikmalar shakllanishiga xizmat qiladi.
Ushbu yo‘nalishdagi qonunlar haqida tushunchalar berish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi sudyalari 2025 yil 25 fevral kuni Nukus shahrida bir qator o‘zini o‘zi boshqarish organlari ya’ni «Sharqiy,» «Chimboy choyxona» va «Sarbinoz» mahalla fuqarolar yig‘inlarida mahalla raislari va shu hududda yashovchi fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, qabul qilingan qonun loyihalari, qonunning asosiy maqsadlari haqida tushunchalar berib, uchrashuv ishtirokchilarining qiziqtirgan savollariga javoblar berib o‘tdi.
Albatta o‘z navbatida tegishli rasmiy idoralarda bolalar uchun «Ishonch telefoni»ni joriy etish, bu bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda aybdor shaxslarga nisbatan tegishli chora ko‘rish uchun imkoniyat yaratadi.
TIMUR SEYLXONOV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining arxiv mudiri