TERGOV SIFATI — ADOLAT POYDEVORI

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘zatov tumani sudining tergov sudyasi K.Kыpshakbaev rahbarligida tuman prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi hamda tegishli soha vakillari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi. Tadbir huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish va idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.

 

Seminarning asosiy maqsadi — jinoyat ishlari bo‘yicha tergov va surishtiruv sifati hamda samaradorligini oshirish, tergov, surishtiruv va sud jarayonlarida amaldagi Konstitutsiya va qonunchilik normalarini to‘g’ri va aniq qo‘llash masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi bayonnomalarni rasmiylashtirish va yuborish tartibi, ish materiallarini qaytarish asoslari, ma’muriy jazo qo‘llash muddatlari hamda shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish masalalari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

 

Tadbir davomida amaliyotda uchrayotgan ayrim muammoli jihatlar va protsessual kamchiliklar tahlil qilinib, ularning oldini olish, huquqni qo‘llashda yagona yondashuvni shakllantirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati ham soha xodimlari e’tiboridan chetda qolmadi.

 

Seminar yakunida amaliyotga oid savollarga mutaxassislar tomonidan asosli javoblar berildi. Qayd etilganidek, bunday amaliy tadbirlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, ma’muriy va jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.