KOMMUNAL XIZMATLAR VA QONUN USTUVORLIGI: MA’MURIY SUD AMALIYOTI TAJRIBASI

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi bilan hamkorlikda Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuraturasida videokonferents aloqa rejimida tashkil etilgan navbatdagi o‘quv-seminari ma’muriy sudlarda kommunal xizmatlar – gaz ta’minoti, elektr energiyasi va ichimlik suvi sohasida yuzaga kelayotgan nizolarni ko‘rib chiqish amaliyotiga bag’ishlandi.

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyalari G.Baynazarova va A.Imatovlar sohada uchrayotgan muammolar, ayniqsa, hisob-kitoblarning to‘g’riligini aniqlash, qayta hisoblash masalalari, shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar, ta’minotni noqonuniy uzib qo‘yish holatlari va iste’molchilarning huquqlarini ta’minlash bilan bog’liq holatlarni atroflicha muhokama qildi.

 

Bu boradagi nizolar sonining ortib borayotgani sohada tizimli tahlillarni talab etmoqda. Xususan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning qaror va harakatlari qonuniyligiga huquqiy baho berish, iste’molchilarga etkazilgan zararni aniqlash va adolatli hal etish, hisoblash uskunalari holati va dalillar maqbulligini tekshirish, qonunchilikda belgilangan tartib-taomillarga rioya etilganini o‘rganish kabi masalalar alohida ahamiyat kasb etadi

 

Seminar davomida sud amaliyotida uchrayotgan turli talqinlar va nizoli vaziyatlar yuzasidan fikr almashilib, yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. Zero, kommunal xizmatlar aholi hayotining ajralmas qismi va ijtimoiy barqarorlikning asosiy omillaridan biri ekanini hisobga olgan holda, bu yo‘nalishda qonuniylikni ta’minlashda prokuratura organlari ham muhim o‘rin tutadi.

 

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bir qator amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.