FUQAROLAR BILAN OCHIQ MULOQOT: SUDYALAR “BAQANSHAQLI” MAHALLASIDA
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi sudyalari — S.Qaypnazarova, Z.Babadjanova, Z.Berdimuratova va M.Daumenovalar Nukus shahridagi “Baqanshaqli” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Tadbir fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, sud-huquq tizimidagi islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda aholining muammolarini joyida tinglash maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida sudyalar tomonidan mamlakatimiz qonunchiligidagi so‘nggi yangiliklar, xususan, mehnat munosabatlari sohasida yuzaga kelayotgan nizolarni hal etish tartibi, fuqarolarning sudga murojaat qilish huquqi va bu jarayonning oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, nikohni bekor qilishda qonuniy tartib-qoidalar, oilaviy nizolarni hal etishda murosaga kelishning ahamiyati, xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng tushunchalar berildi.
Sudyalar, shuningdek, gender tengligi va xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni haqida so‘z yuritib, davlat siyosatining ushbu yo‘nalishdagi ustuvor maqsadlari, ayollar huquqlarini himoya qilish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tdi. Aholi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalar yuzasidan savollar berib, mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida sudyalar fuqarolarga o‘z huquq va majburiyatlarini chuqur bilish, qonunlarga hurmat ruhida yashash hamda kelgusida nizoli vaziyatlarning oldini olish uchun huquqiy savodxonlikni oshirish muhimligini ta’kidladilar.