MEHNAT NIZOLARINI HAL ETISH VA OLDINI OLISH MAQSADIDA AMALIY SEMINAR TASHKIL ETILDI
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudida “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rib chiqish va kelgusida ushbu nizolarni oldini olish chora-tadbirlari” mavzusida huquqshunoslar uchun amaliy seminar tashkil etildi. Tadbir davlat organlari, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan yuristlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, mehnat qonunchiligiga rioya etish, amalda uchrayotgan muammolarni muhokama qilish va sud amaliyotini takomillashtirishga qaratildi.
Seminarda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari A.Kerimbaev yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi va undagi huquqiy normalarning ahamiyati, ularni amaliyotga to‘g’ri tatbiq etish masalalari xususida so‘z yuritdi. Ta’kidlandiki, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2025 yilning 6 oyi davomida mehnat munosabatlariga doir jami 551 ta fuqarolik ishlari ko‘rilgan bo‘lib, ishlarning 328 tasi 59,5 foizi bo‘yicha da’volar qanoatlantirilgan. Ishga tiklash haqidagi da’volar bo‘yicha ko‘rilgan 150 ta ishlarning 78 tasi yoki 52 foizi yuzasidan ish beruvchilarning buyruqlari g’ayriqonuniy deb topilib, xodimlar ishga tiklangan. Ishga tiklash nizolari sohalar (javobgar sub’ektlar) kesimida tahlil qilinganda, 2025 yilning 6 oyida ko‘rilgan ishga tiklash haqidagi nizolarning 34 tasi bank tizimi, 31 tasi maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari, 19 tasi sog’liqni saqlash tizimidagi tashkilotlar, 9 tasi ichki ishlar organlari, 5 tasi suvta’minot korxonalari, 5 tasi bandlikka ko‘maklashish markazlari, 4 tasi madaniyat bo‘limlari, 3 tasi hoqimliklar, hamda 40 tasi boshqa davlat idoralari xissasiga to‘g’ri kelgan.
Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari J. Rasulov va A. Ayapov, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalar, Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari qatnashib, mehnat munosabatlarida uchrayotgan qonunbuzilish holatlarini tahlil qilib, o‘z-aro fikr almashdi.
Xususan, xodimlarni ishdan bo‘shatishda belgilangan tartiblarga amal qilinmayotgani, ishchilarni boshqa lavozimga o‘tkazishda ish beruvchilar tomonidan rasmiylashtirishda kamchiliklar kuzatilayotgani, mehnat shartnomalarining noqonuniy ravishda bekor qilinishi, kechiktirib to‘langan ish haqi uchun sud orqali kompensatsiya undirish kabi holatlar muhokama etildi.
O‘tkazilgan seminarning asosiy maqsadi ham mehnat sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarda qonun ustuvorligini ta’minlashdir. Bu esa, o‘z navbatida, mehnat munosabatlarida barqarorlikni ta’minlash, tajriba almashish, yangi Mehnat kodeksi normalarini to‘g’ri qo‘llash va sud amaliyotini mustahkamlashga xizmat qiladi.