MAISHIY TURMUSHDA SODIR ETILADIGAN JINOYATLAR TUSHUNCHASI VA TURLARI

Maishiy turmushda sodir etiladigan jinoyatlar – oilaviy va shaxsiy munosabatlar doirasida yuzaga keladigan huquqbuzarliklar bo‘lib, ular jamiyat barqarorligi va shaxs xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Maishiy jinoyatlar ko‘pincha oilaviy nizolar, ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar, jinoiy madaniyatning ta’siri va qonunchilikni etarlicha bilishmaslik sababli yuzaga keladi. Bunday huquqbuzarliklarning oldini olish uchun huquqiy targ’ibot, ijtimoiy yordam hamda davlat tomonidan qonuniy chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur.
Ushbu maqolada maishiy jinoyatlarning turlari, ularning kelib chiqish sabablari, huquqiy oqibatlari va oldini olish choralari tahlil qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligida bu borada belgilangan jazo choralari va mavjud muammolar muhokama qilinadi.
Maishiy turmush sohasida sodir etiladigan jinoyatlarning kriminologik tavsifi o‘ziga xos ravishda murakkabdir. Uning murakkabligining belgisi jinoyatlarning vaqt va masofa orasida (ya’ni, ularning turli-tumanligi, rivojlanishining o‘ziga xos tendentsiyasi mavjudligi, keng tarqalganligi, shaxsga qarshi qaratilganligi, sodir etish usuli, joyi va sodir etish vaqti kabilar) sodir etilishidir.
Ushbu ko‘rib chiqilayotgan jinoyatlar kriminologik belgilariga ko‘ra, aynan bir turdagi jinoyatlar toifasiga kiradi (sodir etish joyiga ko‘ra, maishiy xususiyatga ega qasdning mavjudligi kabilar). Shu bilan birga, turlarga bo‘linishi tarkibiga ko‘ra ham maishiy jinoyatlar bir xil emas va o‘z ichiga jinoiy-huquqiy nuqtai nazaridan zarur belgiga ega bo‘lgan (shaxsga qarshi qaratilgan va jamoat tartibini buzuvchi zo‘ravonlik va kuch ishlatilmaydigan kabilar) jinoiy qilmishlar sodir etiladi.
Maishiy turmush doirasidagi jinoyat deganda nikoh, oilaviy, qarindoshlik, do‘stona, tanish-bilishchilik, yaqin yoki qo‘shnichilik munosabatlarida yuzaga keladigan, shaxsga, uning sha’ni va qadr qimmatiga, huquq va erkinliklariga tajovuz qiluvchi aybli ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) dir.
Maishiy turmush sohasida sodir etilayotgan jinoyatchilikning tahlilidan ma’lum bo‘ldiki, ushbu jinoyatlar ko‘pchilik holda ichkilikbozlik bilan yaqindan bog’langandir. Shu bois, mamlakatimizda bu holatga alohida e’tibor qaratilib ichkilikbozlikni yuzaga keltiruvchi bir qator sabab va sharoitlar bartaraf etilmokda. Ayni paytda, bu borada milliy an’analarning ichkilikbozlik bilan bog’liq bo‘lmagan odatlarini qayta tiklash va ma’lum bir marosimlarning fuqarolar yig’inlarining faol ishtiroklari orqali tartibga solinishi amalga oshirilmokda. Ammo, shunga qaramay, ichkilikbozlik maishiy jinoyatchilik ko‘rsatkichlarining oshishiga ta’sir etmoqda. Biz ko‘rib chiqayotgan jinoyatchilikning asosiy manbalaridan yana biri maishiy turmush jarayonida shaxslar o‘rtasidagi nizoli holatlardir.
Maishiy turmush sharoitida yuzaga keladigan nizolar asosan uzoq vaqt davomida etilib, vaqtida tor chegarada bo‘lgan bo‘lsa-da, asta-sekin kuchayib borishi (shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro nizolarning vaqti-vaqti bilan kuchayishi) yoki dabdurustdan kuchayishi (yaxshi tomonga o‘zgarmaydigan nizolar) kabilarni o‘z ichiga oladi. Vaqti-vaqti bilan takrorlanib turadigan kriminogen-nizoli vaziyatlar o‘rtacha 33 %ni tashkil etib, yarim yildan uch yilgacha, 63% holatlarda esa uch yildan sakkiz yilgacha va undan ko‘p vaqtda yuzaga keladi.
Ushbu tasnif jinoyatlarni o‘rganish jarayonida katta ahamiyat kasb etadi, chunki bu profilaktika sub’ektlarining, ko‘rib chiqilayotgan holatlarning o‘ziga xos jihatlarini e’tiborga olgan holda, maxsus sohaviy profilaktik chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishiga imkon yaratadi[]. Profilaktika vositalarini kriminogen vaziyatlar mazmuniga moslab yo‘lga qo‘yish profilaktika ishlarining amalga oshishi va maqsad sari aniq yo‘naltirilishini ta’minlaydi.
Maishiy turmushda sodir etiladigan jinoyatlar jinoyatchi va jabrlanuvchilarning birga yashash joyida: alohida xonadonlarda (70%), umumiy xonadonlarda – kommunalkalarda (14%), yotoqxonalarda (6%), ko‘cha-ko‘yda va boshqa jamoat joylarida (10%) sodir etiladi.
Bu jinoyatlarning yana bir belgisi esa ularning asosan oila va qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida sodir bo‘lishidir. To‘g’ri, bu borada, ya’ni uy-joy masalasining mamlakatimizda o‘rinli hal etilganligi aynan oila va qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida bo‘ladigan nizolarning sezilarli darajada kamayishiga olib keldi. Har bir oilaga alohida xonadon tarzida qurilgan uylar, ko‘p bolali oilalarni e’tiborga olgan holda, qavatlarda va hovlilarda bolalar uchun maydonchalarning yaratilganligi ko‘p jihatdan qo‘shnilar o‘rtasida turli nizolar kelib chiqishining oldini oladi. Shuningdek, oilalarning alohida yashashiga imkon yaratilishi ularning har biri ustidan ijtimoiy kuzatuv va nazorat olib borishga yo‘l ochadi.
Maishiy turmushda sodir etiladigan jinoyatlarning aksariyatini bitta shaxs sodir etadi, aksincha, guruhiylik xususiyati esa kamroqdir. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, faqat 3% jinoyatlar guruhiy tarzda sodir etiladi. Buning asosiy sababi esa jabrlanuvchi va jinoyatchining yaqin aloqadaligidandir. Guruhiy jinoyatlar asosan maishiy bezorilik hollarida va to‘y, ma’rakalarda yuzaga keladi hamda ayrim vaziyatlarda ro‘y beradi.
Maishiy turmush sohasida sodir etiladigan jinoyatlarning kriminologik tavsifini berish dastavval jinoyatchilarning shaxsini o‘rganish bilan uzviy bog’liqdir. Bu kabi tadqiqot maishiy turmush sohasidagi jinoyatlarning yuzaga kelish sababiy bog’lanishlarini bilish va zarur ta’sir choralarini qo‘llashga imkon yaratadi. Maishiy turmush sohasidagi jinoyatlarning 85%ni erkaklar sodir etadi. Ular sodir etadigan jinoyatlar ayollar sodir etadigan jinoyatlardan xavfliligi bilan ajralib turadi.
 Kriminologiyada maishiy turmush sohasida ayollar sodir etadigan jinoyatlarni umumiy jinoyatlarni sodir etishda ishtirok etuvchi ayollar miqdoriga nisbatan o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi[]. Umuman olganda, jinoyatlarning sodir etilishida ayollar ishtiroki erkaklarga nisbatan kam. Shunga ko‘ra, umumiy jinoyatlarda ayol jinoyatchilar miqdori 12-15%ni tashkil etadi. Shuningdek, qotillik jinoyatlarida ayollar ishtiroki – 3-4% ni; tan jarohatlarini yotkazuvchi shaxslar ichida – 2-3%ni tashkil etadi. Biroq maishiy jinoyatlar tarkibida odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan ayollar qariyb ikki barobar ko‘pdir. Ayollar va erkaklar jinoyatlari o‘rtasidagi bu kabi farqning mavjudligiga sabab ma’lum bir ijtimoiy omillar majmui ta’sirida ayol va erkaklarda o‘ziga xos bo‘lgan o‘zini tutish kabi xususiyatlarning shakllanganligidir.
Maishiy turmush sohasida yuzaga keladigan jinoyatlarda kriminogen faollik asosan 18-30 va 31-40 yoshli shaxslar harakatlarida kuzatiladi. Bu, albatta, ushbu eshdagilar ijtimoiy mavqeining o‘ziga xosligi bilan e’tiborga loyiqligidir. Alohida e’tiborning 25-30 yoshlilarga qaratilishi bu yoshdagi shaxslar haetida yuz beradigan oila-nikoh munosabatlarining yuzaga kelishi, yangi majburiyatlar va o‘zini tutish kabi o‘zaro munosabatlarning shakllanishi bilan bog’liqdir. Aynan shu davrda oilaviy qarama-qarshiliklarning pishib etilishi va kuchayishi ro‘y beradi. Maishiy turmushdagi bu kabi salbiy holatlar ko‘rsatkichlarining mavjudligi esa oila buzilishi statistikasining yuqoriligini ham ifodalaydi.
O‘zbekistonda aholining o‘ziga xos udum va urf-odatlari asosida oilaviy munosabatlar tashkil etilgan bo‘lsa-da, ajralish nisbati 25-30 yoshlilarga to‘g’ri kelishi achinarli holdir. Bu esa turmushda ajralish va jinoyat sodir etilishining o‘zaro bir-biriga o‘xshash tarzda yuzaga kelayotganligining ifodasidir. Shuningdek, nikoh va oila yoshining 17-18 yoshga kamayotganligi ham o‘ziga xos tadqiqotlar o‘tkazilishini talab etmoqda. Chunki bu yoshdagi yoshlarning oila va nikoh munosabatlariga kirib kelishi profilaktik chora-tadbirlarning alohida tarbiyalash choralarini nafaqat yoshlarga, balki shu yoshdagilarning oila qurishlariga sabab bo‘layotgan shaxslarga ham qaratilishini talab etmoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, maishiy turmush sohasida zo‘ravonlik sodir etuvchi huquqbuzar shaxslarda rahm-shafqat rishtalarining kamligi, ish bilan band etilmaganligini, oiladagi etishmovchiliklar yoki ularning xulq- atvorida agressivlik holatiga tushib qolishlikni o‘z yaqinlariga nisbatan turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklarni sodir etishida namoyon bo‘lishini bildirdi. Bunday toifadagi shaxslar asosan, zo‘ravon, jabr-zulm qiluvchi, jabrlovchi, zulmkor shaxslar ekanligini alohida tahlil qilib, bu borada tegishli profilaktik tadbirlarni kuchaytirishni talab etadi.
Zuxra AYAPOVA, 
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi