FUQARO A.JUMANIYAZOVANING YOUTUBE VIDEOXOSTINGIDA E’LON QILINGAN VIDEOMUROJAATI YUZASIDAN
Murojaatchining majburiy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizilganligi borasida: Ariza beruvchi 1-sonli Respublika ruhiy va nevrologik dispanseri fuqaro A. Jumaniyazovani majburiy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish to‘g’risidagi ariza bilan sudga murojaat qilib, 1967 yil 14 martda tug’ilgan A. Jumaniyazovani majburiy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizishni so‘ragan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2024 yil 24 aprel kungi hal qiluvchi qarori bilan ariza qanoatlantirilib, Amudaryo tumani, Beruniy QFY, Jumurtov ko‘chasi, 22-uyda yashovchi 1967 yil 14 martda tug’ilgan Jumaniyazova Aqiljon Azatovnani majburiy tarzda 1-sonli Respublika ruhiy va nevrologik dispanseri psixiatriya statsionariga yotqizish belgilangan.
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi apellyatsiya instantsiyasining 2024 yil 30 maydagi ajrimi bilan birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi taftish instantsiyasining 2024 yil 10 iyuldagi ajrimi bilan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
«Psixiatriya yordami to‘g’risida»gi Qonunning 30-moddasi 1-qismiga ko‘ra, psixiatriya statsionariga yotqizish uchun shaxsda ruhiy holati buzilganligi va shifokor-psixiatrning statsionar sharoitlarda tekshiruvdan o‘tkazish yoki davolash to‘g’risidagi qarori yoxud sudning qarori asos bo‘ladi.
Murojaatchining mol-mulkdan ulush ajratish to‘g’risidagi vajlari yuzasidan: A. Jumaniyazova javobgarlar Q. Jumaniyazov va boshqalarga nisbatan birgalikdagi mulklardan ulush ajratish haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilib, tadbirkorlik faoliyati natijasida sotib olingan barcha mol-mulklardan ulush ajratishni va javobgarlardan o‘zining hisobidan to‘langan 255.000.000 so‘mlik kredit mablag’ining o‘ziga tegishli ulushini undirishni so‘ragan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining 2023 yil 24 yanvardagi hal qiluv qarori bilan da’vogar A.Jumaniyazovaning da’vosi qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi apellyatsiya instantsiyasining 2023 yil 7 martdagi ajrimi bilan birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi taftish instantsiyasining 2024 yil 17 apreldagi ajrimi bilan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Da’vogar A. Jumaniyozova da’vo arizasida javobgarlardan tadbirkorlik faoliyati natijasida sotib olingan barcha mol-mulklardan ulush ajratishni va o‘zining hisobidan to‘langan 255.000.000 so‘mlik kredit mablag’ining o‘ziga tegishli ulushini undirishni so‘ragan.
Fuqarolik kodeksining 216-moddasi, 1 va 2-qismlariga ko‘ra, ikki yoki undan ortiq shaxsning egaligida bo‘lgan mol-mulk ularga umumiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘ladi. Mol-mulk mulkdorlardan har birining mulk huquqidagi ulushi aniqlab qo‘yilgan (ulushli mulk) yoki bunday ulushlar aniqlab qo‘yilmagan (birgalikdagi mulk) holda umumiy mulk bo‘lishi mumkin.
Ushbu kodeksning 223-moddasiga ko‘ra, 1-3 qismlariga ko‘ra, ulushli mulkdagi mol-mulk ishtirokchilar o‘rtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanishi mumkin. Ulushli mulk ishtirokchisi o‘z ulushini umumiy mol-mulkdan ajratib berishni talab qilishga haqli. Ulushli mulk ishtirokchilari umumiy mol-mulkni taqsimlash yoki ulardan birining ulushini ajratish usuli va shartlari to‘g’risida kelishuvga erisha olmasalar,ulushli mulk ishtirokchisi o‘z ulushini asl holida ajratib berishni sud orqali talab qilishga haqli.
Shuningdek, mazkur Kodeksning 226-moddasiga ko‘ra, 1-3 qismlariga ko‘ra, umumiy mol-mulkni birgalikdagi mulk ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash, shuningdek ulardan birining ulushini ajratish dastlab ishtirokchilardan har birining umumiy mulk huquqidagi ulushi aniqlanganidan keyin amalga oshirilishi mumkin. Umumiy mulk taqsimlanganida va undan ulush ajratilganida, agar qonunda yoki ishtirokchilarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ularning ulushlari teng hisoblanadi. Umumiy mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish asoslari hamda tartibi ushbu Kodeks 223-moddasi bilan, birgalikdagi mulkning ayrim turlari uchun esa – boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Aniqlanishicha, nizoli mol-mulklarning barchasi javobgarlarga tegishli va ularning nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Da’vogar A. Jumaniyazova bilan ChEKI «HAMKORBANK» ATB Nukus filiali o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomalariga asosan 105.000.000 so‘m va AT Xalq bank Amudaryo filiali o‘rtalarida tuzilgan kredit shartnomasiga asosan 50.000.000 so‘m kredit mablag’lari ajratilgan, ushbu ajratilgan jami 155.000.000 so‘m kredit mablag’lari bugungi kunda A. Jumaniyazova tomonidan to‘liq qoplangan.
Fuqarolik protsessual kodeksining 72-moddasi 1-qismi 1-bandiga ko‘ra, har bir taraf o‘zining talablari va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni isbotlashi shart.
Da’vogar A. Jumaniyazova olingan kredit mablag’lari javobgarlar tomonidan ishlatilganligi yoki foydalanilganligi to‘g’risida biron-bir dalillarni sudga taqdim qilmaganligi ma’lum qilinadi.