MA’MURIY JAVOBGARLIKDA ODILLIK VA INDIVIDUAL YONDASHUV: SUD AMALIYOTI MISOLIDA

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yer munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish, yer resurslaridan samarali foydalanish hamda bu sohada qonuniylikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada ma’muriy organlar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar ustidan samarali sud nazoratini amalga oshirish fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolati hisoblanadi.

 

Konstitutsiyamizda har bir shaxsning davlat organlari va mansabdor shaxslar qarorlari ustidan sudga murojaat qilish huquqi mustahkamlangan. Shuning uchun ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar ham sud tomonidan har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshiriladi. Sud bunday ishlarni ko‘rib chiqishda nafaqat huquqbuzarlik faktini, balki qarorning qonuniyligi, asosliligi, huquqbuzarning shaxsi, keltirilgan vajlar, taqdim etilgan dalillar hamda ishning boshqa barcha ahamiyatli holatlariga huquqiy baho beradi.

 

To‘rtko‘l tuman sudi amaliyotida ko‘rib chiqilgan ishlardan biri ham aynan ma’muriy organ qarori ustidan berilgan shikoyat bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur ish sud tomonidan qonun ustuvorligi, adolat va xolislik tamoyillari asosida ko‘rib chiqildi.

 

To‘rtko‘l tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan ishlardan birida fuqaro Kadastr organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi 3-qismi asosida tayinlangan ma’muriy jarimani bekor qilishni so‘rab sudga murojaat qildi. U shikoyatida jarimani to‘lash imkoniyati yo‘qligini, pensiyada ekanini va moddiy ahvoli og‘irligini vaj sifatida keltirdi.

 

Sud ish materiallarini, huquqbuzarning ko‘rsatmalarini, Kadastr organi taqdim etgan dalillarni hamda elektron axborot tizimlari orqali olingan ma’lumotlarni har tomonlama o‘rgandi. Tekshirish davomida huquqbuzarning moddiy ahvoli haqidagi ma’lumotlar uning keltirgan vajlarini tasdiqlamasligi, uning mulki va transport vositalari mavjudligi aniqlandi.

 

Shu bilan birga, huquqbuzar tomonidan sodir etilgan qonunbuzarlik oqibatlari ham to‘liq bartaraf etilmagani inobatga olindi. Sud mazkur holatlarni huquqiy jihatdan baholab, Kadastr organi qarori qonuniy va asosli qabul qilingan, degan xulosaga keldi hamda shikoyatni qanoatlantirmasdan, ma’muriy organ qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.

 

Mazkur sud amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, sudlar har bir ishni ko‘rishda faqat murojaatchining bayonotlari bilan cheklanib qolmaydi. Aksincha, barcha dalillar, huquqiy normalar va obyektiv ma’lumotlar chuqur tahlil qilinib, qonun ustuvorligi hamda adolat prinsiplari ta’minlanadi.

 

Fuqarolar shuni unutmasliklari lozimki, ma’muriy jazoni bekor qilish yoki yengillashtirish haqidagi talablar faqat asosli huquqiy dalillar bilan tasdiqlangan taqdirdagina qanoatlantirilishi mumkin. Sud esa har bir qarorni qonun talablari, xolislik va adolat tamoyillariga tayangan holda qabul qiladi.

 

Qonunga hurmat, yer munosabatlariga mas’uliyat bilan yondashish va belgilangan tartiblarga rioya qilish huquqbuzarliklarning oldini olishning eng samarali vositasi hisoblanadi.

 

Baurjan SABUROV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudining tergov sudyasi