SUD TIZIMIDA SUN’IY INTELLEKT: ODIL SUDLOV SARI YANGI QADAM

 

2025 yil 21 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida” PF–140-sonli farmoni mamlakatda sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini boshlab berdi. Unga muvofiq, sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va “Raqamli sud” kontseptsiyasini amalga oshirish orqali odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.

 

Farmonda belgilangan asosiy vazifalardan biri — sud ishlarini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan “Raqamli sud” kontseptsiyasidir. Endi fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha ariza, shikoyat va iltimosnomalar elektron shaklda qabul qilinadi. Ularning tahlili va saralanishi sun’iy intellekt orqali amalga oshiriladi.

 

Bunday yangiliklar sud ishlari samaradorligini oshirish bilan birga, sudlar ish yukini kamaytiradi, inson omili bilan bog’liq xato-xatolarning oldini oladi va eng muhimi — odil sudlovga tez va shaffof etishish imkoniyatini yaratadi.

 

Farmonda nazarda tutilgan texnologiyalar nafaqat ish yuritishni engillashtiradi, balki sud jarayonlarini sifat jihatidan o‘zgartiradi. Ya’ni:

Sud hujjatlarining loyihalari avtomatik shakllantiriladi;

Normativ-huquqiy hujjatlar sun’iy intellekt orqali tahlil etiladi;

Sud muhokamasining tahminiy natijasi va xarajatlari oldindan hisoblanadi. Bunday imkoniyatlar sud tizimining shaffofligi va xolisligini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

 

Farmonda keltirilgan rejalarning amaliy ahamiyati shundaki, har bir chora-tadbir uchun aniq muddatlar belgilangan:

2025 yil 1 dekabrga qadar — fuqarolar, advokatlar va sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qiluvchi elektron platforma ishga tushiriladi.

2026 yil 1 yanvardan — “my.sud.uz” portalida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchi faoliyati boshlanadi.

2026 yil 1 martdan — sud ishlari holati va ma’lumotlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoni yaratiladi.

Bu tadbirlar orqali fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan ishonchi oshishi, murojaatlarga javob olishdagi shaffoflik va tezlikni ta’minlash rejalashtirilmoqda.

 

Farmon faqat texnologiyalarni joriy etish bilan cheklanmaydi. U sudya va xodimlar uchun munosib sharoit yaratish, raqamli savodxonlikni oshirish, kiber huquq sohasida kadrlar tayyorlash kabi muhim yo‘nalishlarni ham o‘z ichiga oladi.

 

Sud binolari ta’mirlanadi, moddiy-texnika bazasi yaxshilanadi. Sud xodimlari uchun zamonaviy ish shart-sharoitlari va ijtimoiy kafolatlar yaratilishi belgilangan.

 

Prezident tomonidan qabul qilingan PF–140-sonli farmon — O‘zbekistonda sud-huquq sohasini zamonaviy bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik qadamdir. Sun’iy intellekt va raqamlashtirish orqali odil sudlovni ta’minlash nafaqat islohot, balki jamiyatda ishonch va adolat muhitini shakllantirish vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

 

Texnologiya va inson omilini uyg’unlashtirgan bu islohotlar — sud tizimini xalq uchun ochiq, faol va ishonchli qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

 

 

Abilay ADILOV, 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari 

BAYRAMGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI TADBIR TASHKIL ETILDI

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Oliy sudda tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbir Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Sud tizimi rahbarlari — Oliy sud raisi B.Islomov, Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov va Sudyalar assotsiatsiyasi raisi U.Mingboev yig’ilganlarni bayram bilan tabriklab, mustaqillik xalqimizning erkin va farovon hayotga ishonchini mustahkamlayotganini ta’kidladilar.

 

 

So‘nggi yillarda sud-huquq sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Sud faoliyati ochiq va odil bo‘lishi, sudyalar mustaqilligi ta’minlanishi, raqamli texnologiyalar joriy etilishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yaqinda Prezident tomonidan imzolangan farmonlar sud tizimida yangi bosqichni boshlab berdi.

 

 

Tadbirda bir guruh sud faxriylari va sud xodimlari «Benuqson xizmati uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi Amir Nurlipesov ham bor.

 

 

Videokoferentsiya aloqa rejimida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisi K.Tarixov mazkur mukofotni o‘z egasiga tantanali ravishda topshirdi.

 

Bunday e’tibor va e’tirof sudya va xodimlarning o‘z ishini yanada samarali va mas’uliyat bilan bajarishiga katta motivatsiya bo‘ladi.

 

SUD-HUQUQ TIZIMIDA JINOYAT-IJROIYA QONUNCHILIGI BO‘YICHA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLAR

Oltinchi mintaqaviy hudud 2-son tergov hibsxonasi shaxsiy tarkibi ishtirokida “Sud-huquq tizimida jinoyat-ijroiya qonunchiligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida seminar tashkil etildi.

 

Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Taqiatosh tumani sudi raisi L.Otegenova ishtirok etib, sud tizimini liberallashtirish, uning mustaqilligini ta’minlash, qonun ustuvorligini qaror toptirish hamda inson huquqlarini himoya qilish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.  Sudya tomonidan, dastlabki tergov bosqichida sud nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan qonunchilikdagi o‘zgarishlar xususida ham atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Shuningdek, seminarda 2025-yil 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining imzosi bilan qabul qilingan ikki muhim farmon-“Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlov darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir chora-tadbirlar”, “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari” mazmun-mohiyati bo‘yicha huquqiy tushunchalar berildi.

 

Mazkur tadbir xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, jinoyat-ijroiya tizimidagi islohotlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

SOHA VAKILLARI ISHTIROKIDA SEMINAR O’TKAZILDI

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Adilov rahbarligida Respublika Ichki ishlar vazirligida seminar tashkil etildi.

 

 

Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tuman sudlari raislari, tergov sudyalari hamda tergovchilar ishtirok etishdi.

 

 

Seminarda asosiy e’tibor ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ishlarini rasmiylashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan xatolar va kamchiliklarni tahlil qilish, ularni bartaraf etish hamda kelgusidagi vazifalarni belgilashga qaratildi.

 

 Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Adilov o‘z nutqida, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ishlarini to‘g’ri va aniq rasmiylashtirish nafaqat fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, balki adolatli sudlovni amalga oshirishda ham muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

 

 

 

Ushbu muloqot amaliyotdagi muammolarni muhokama qilish va qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

  

YouTube videoxostingida «Elparvar» kanalida e’lon qilingan videomurojaat (https://www.youtube.com/watch?v=9eF5-zmk_sw) yuzasidan ma’lumot

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi qurilish sohasida hududiy nazorat inspektsiyasi 2022 yil 17 iyunda javobgarlar K.M.Xasanov  va boshqalarga nisbatan noqonuniy qurilishni buzish to‘g’risida da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2022 yil 10 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogar Qoraqalpog’iston Respublikasi qurilish sohasida hududiy nazorat inspektsiyasining da’vo arizasi qanoatlantirilgan hamda javobgarlarning Kat ko‘chasidagi uch qavatli binosining bir qator qismlarini majburiy tartibda buzish va sud xarajatlari hamda davlat boji undirish belgilangan.

 

Mazkur hal qiluv qaroriga javobgarlar K.Xasanov va boshqalar tomonidan 01.12.2022 yili apellyatsiya shikoyati apellyatsiya shikoyati keltirilgan, ammo Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 2023 yil 7 yanvar va 24 maydagi qarorlari bilan sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

 

Majburiy ijro byurosi Beruniy tumani bo‘limi sudga ariza bilan murojaat qilib fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining 2022 yil 10 noyabrdagi hal qiluv qaroriga tushuntirish berishni so‘ragan.

 

Joriy ish bo‘yicha sud tomonidan tushuntirish berish jarayoni 2025 yil 24 iyul kuniga belgilangan.

 

 

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining matbuot xizmati

Fuqaro R.Najimovaning EFFECT.UZ internet-nashrining Telegram-kanalida e’lon qilingan bildirish (https://t.me/effectuz/85448) yuzasidan

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qonliko‘l tumani sudining 2025 yil 5 iyun kungi ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismi bilan ayblangan V.S.Upatullaeva O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 66-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinib, unga qarshi jinoyat ishi Jinoyat protsesual kodeksining 84-moddasi 5-qismi 2-kichik bandiga asosan ishlab chiqarishdan qisqartirilgan.

Sud hukmi ustidan berilgan shikoyatga asosan Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instantsiyasining 2025 yil 14 iyul kungi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Qonliko‘l tumani sudining 2025 yil 5 iyun kungi ajrimi bekor qilinib, V.Upatullaeva O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topildi va unga shu modda bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni, 18 750 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, V.Upatullaevaga nisbatan qo‘llanilgan «munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat» bosh chorasi bekor qilindi.

Sud hukmidan norozi taraf Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat qilishi, prokuror protest bildirishga haqli ekanligi tushuntirildi.

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining matbuot xizmati

AMUDARYO TUMANIDA KORRUPTSIYAGA QARSHI KURASH BO‘YICHA UCHRASHUV HAMDA SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining tergov sudyasi D.Yusupova tashabbusi bilan tumanning “Gulzor” mahalla fuqarolar yig’ini binosida fuqarolar ishtirokida uchrashuv va sayyor sud majlisi tashkil etildi.

 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korruptsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirildi.

 

Uchrashuvda tergov sudyasi tomonidan aholiga “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanidek, mazkur Qonun korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini mustahkamlash, shuningdek, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.

 

 

Tadbir davomida korruptsiyaga qarshi kurashishning asosiy printsiplari — qonuniylik, fuqarolar huquqlari ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, davlat va jamiyat hamkorligi, oldini olish choralarining ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

 

Uchrashuvdan so‘ng sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Unda Amudaryo tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan taqdim etilgan 20 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqildi. Xususan:

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha 9 nafar shaxsga nisbatan ish ko‘rib chiqilib, ulardan 5 nafarga ma’muriy qamoq, 4 nafarga ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.

 

 

 

Shuningdek, 59-2-modda 2-qismi (oilaviy zo‘ravonlik), 41-modda (haqorat qilish) va 52-modda 2-qismi (engil tan jarohati etkazish) bo‘yicha ishlarni ham ko‘rib chiqib, qonuniy jazo choralari qo‘llanildi.

 

MEHNAT NIZOLARINI HAL ETISH VA OLDINI OLISH MAQSADIDA AMALIY SEMINAR TASHKIL ETILDI

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudida “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rib chiqish va kelgusida ushbu nizolarni oldini olish chora-tadbirlari” mavzusida huquqshunoslar uchun amaliy seminar tashkil etildi. Tadbir davlat organlari, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan yuristlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, mehnat qonunchiligiga rioya etish, amalda uchrayotgan muammolarni muhokama qilish va sud amaliyotini takomillashtirishga qaratildi.

 

 

Seminarda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari A.Kerimbaev yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi va undagi huquqiy normalarning ahamiyati, ularni amaliyotga to‘g’ri tatbiq etish masalalari xususida so‘z yuritdi. Ta’kidlandiki, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2025 yilning 6 oyi davomida mehnat munosabatlariga doir jami 551 ta fuqarolik ishlari ko‘rilgan bo‘lib, ishlarning 328 tasi 59,5 foizi bo‘yicha da’volar qanoatlantirilgan. Ishga tiklash haqidagi da’volar bo‘yicha ko‘rilgan 150 ta ishlarning 78 tasi yoki 52 foizi yuzasidan ish beruvchilarning buyruqlari g’ayriqonuniy deb topilib, xodimlar ishga tiklangan. Ishga tiklash nizolari sohalar (javobgar sub’ektlar) kesimida tahlil qilinganda, 2025 yilning 6 oyida ko‘rilgan ishga tiklash haqidagi nizolarning 34 tasi bank tizimi, 31 tasi maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari, 19 tasi sog’liqni saqlash tizimidagi tashkilotlar, 9 tasi ichki ishlar organlari, 5 tasi suvta’minot korxonalari, 5 tasi bandlikka ko‘maklashish markazlari, 4 tasi madaniyat bo‘limlari, 3 tasi hoqimliklar, hamda 40 tasi boshqa davlat idoralari xissasiga to‘g’ri kelgan.

 

 

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari J. Rasulov va A. Ayapov, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalar, Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog’iston Kengashi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari qatnashib, mehnat munosabatlarida uchrayotgan qonunbuzilish holatlarini tahlil qilib, o‘z-aro fikr almashdi.

 

Xususan, xodimlarni ishdan bo‘shatishda belgilangan tartiblarga amal qilinmayotgani, ishchilarni boshqa lavozimga o‘tkazishda ish beruvchilar tomonidan rasmiylashtirishda kamchiliklar kuzatilayotgani, mehnat shartnomalarining noqonuniy ravishda bekor qilinishi, kechiktirib to‘langan ish haqi uchun sud orqali kompensatsiya undirish kabi holatlar muhokama etildi.

 

 

 

O‘tkazilgan seminarning asosiy maqsadi ham mehnat sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarda qonun ustuvorligini ta’minlashdir. Bu esa, o‘z navbatida, mehnat munosabatlarida barqarorlikni ta’minlash, tajriba almashish, yangi Mehnat kodeksi normalarini to‘g’ri qo‘llash va sud amaliyotini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

 

 

SAYYOR SUD – OGOHLIKKA CHAQIRADI

 

Huquqbuzarlikka qarshi kurash – jamiyat tinchligi va taraqqiyoti uchun asosiy omillardan biri. Chunki odamlarning tinch va farovon hayot kechirishi, avvalo, qonun ustuvorligi va jamoat tartibi ta’minlanishiga bog‘liq.

 

Aynan shu maqsadda, so‘nggi yillarda yurtimizda mahallalarda o‘tkazilayotgan sayyor sud majlislari keng jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Chunki bu sud jarayonlari aholiga nafaqat qonuniy chora ko‘rish, balki profilaktik ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

 

Shunday sayyor sud majlislarining navbatdagisi Beruniy tumanidagi «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazildi. Unda jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tumani sudining tergov sudyasi Ibrohim Allaniyazov olib bordi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, turli huquqbuzarliklar sodir etgan 14 nafar shaxsning ishi ko‘rib chiqildi.

 

Sud jarayonida aybiga iqror bo‘lib, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan shaxslarga ogohlantirish va jarima tayinlandi. Biroq o‘z qilmishini to‘liq anglab yetmagan huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan qat’iy jazo choralari qo‘llanildi.

 

Sud majlisi davomida nafaqat huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ishlar ko‘rib chiqildi, balki mahalla aholisi ishtirokida huquqiy tushuntirish ishlari ham olib borildi. Aholi, ayniqsa, yoshlar, qonun oldida har kim javobgar ekanini va har qanday huquqbuzarlik jazoga sabab bo‘lishi mumkinligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, anglab yetdi.

 

Bunday ochiq sayyor sudlar – ogohlik sabog‘i. U nafaqat qonunbuzarga tegishli chora belgilaydi, balki boshqalarga ham saboq bo‘lib xizmat qiladi. Eng asosiysi – fuqarolarda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

INSON HUQUQLARI VA SUD MUSTAQILLIGI YO‘LIDAGI MUHIM QADAM

 

2025 yil 9 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g’risida”gi O‘RQ‑1067‑sonli Qonuni — mamlakatning yangi Konstitutsiyasida belgilangan demokratik tamoyillarni huquqiy amaliyotga tatbiq etuvchi asosiy normativ hujjatlardan biri hisoblanadi. Ushbu Qonunning asosiy maqsadi — inson huquqlari, erkinliklari va sud adolati kafolatlarini mustahkamlash, shu bilan birga sud tizimining mustaqilligini ta’minlashdir.

 

Qonunda inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator muhim o‘zgartishlar kiritildi. Xususan:

 

 

Sukut saqlash huquqi — gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi shaxslarga har qanday bosimsiz holda o‘zini himoya qilish imkoni berildi. Ulardan sukut saqlash yoki o‘zini oqlash bo‘yicha faqat advokat ishtirokida so‘rov olinishi belgilandi.

 

 

O‘zi va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi — insonning shaxsiy daxlsizligi va oilaviy qadriyatlari himoyasi yanada mustahkamlandi.

 

 

Bu o‘zgartishlar xalqaro huquq normalariga mos holda inson shaxsini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytiradi.

 

 

Mazkur qonunning muhim jihatlaridan yana biri — sudyalarning huquqiy himoyasini va mustaqilligini kafolatlashga qaratilgan choralardir. Jumladan:

 

Sudya faqat qonunga asosan qaror qabul qiladi va faoliyati uchun shaxsan javobgar emas;

 

Sudyani lavozimidan vaqtincha chetlashtirish yoki boshqa ishga o‘tkazish faqat huquqiy asosda amalga oshiriladi.

 

 

 

Bu sudyalarga ishonch muhitini yaratib, adolatli va xolis qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.

 

 

Shuningdek, qonun bilan sud muhokamalarida qonuniylik, shaffoflik va tenglik printsiplari yanada mustahkamlandi. Barcha shaxslar uchun huquqiy himoya kafolatlandi va ular sudda o‘z huquqlarini to‘liq amalga oshirishi uchun qonunchilik asos yaratildi.

 

O‘RQ‑1067‑sonli Qonun faqat huquqiy normalarni belgilabgina qolmay, balki: konstitutsiyaviy islohotlarni hayotga tatbiq etdi, fuqarolarning huquqiy ongi va davlatga ishonchini mustahkamladi, sud-huquq sohasida islohotlarni institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatladi.

 

Qonunning qabul qilinishi sudlar faoliyatining oshkoraligini ta’minlab, inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarga mos tizim yaratishga turtki berdi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ‑1067‑sonli Qonuni — inson huquqlarini himoya qilish, sud mustaqilligi va adolatli muhokamaning kafolatlarini kuchaytirish yo‘lidagi muhim huquqiy yutuq hisoblanadi. Ushbu Qonun — yangi Konstitutsiyaning amaliy ifodasi sifatida huquqiy demokratiyani mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugungi islohotlar jarayonida ushbu qonun fuqarolik jamiyati rivoji uchun poydevor bo‘ladi.

 

 

 

 

Ra’no XANPOLATOVA,

fuqarolik ishlari bo’yicha Nukustumanlararo sudining sudyasi

 

Skip to content