SUD TIZIMIDA KORRUPTSIYAGA QARSHI KURASH
O‘zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoev faoliyatining ilk kunlaridanoq bu illatga qarshi murosasiz kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
Bu boradagi muhim huquqiy asoslardan biri — «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi Qonunning qabul qilinishi bo‘ldi. Mazkur hujjat korruptsiya tushunchasiga aniq ta’rif berib, unga qarshi tizimli kurashning mustahkam poydevorini yaratdi. Qonunga ko‘ra, shaxsning o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy yoki boshqalar manfaati yo‘lida qonunga xilof ravishda moddiy yoki nomoddiy naf olishi korruptsiya sifatida baholanadi. Oddiy til bilan aytganda, bu — pora olish-berish, tanish-bilishchilik va lavozimdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish holatlaridir.
So‘nggi yillarda sud tizimida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida izchil va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oliy sud raisi B.Islomov rahbarligida sudlar faoliyatida ochiqlikni kuchaytirish, murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va jamoatchilik nazoratini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda fuqarolar uchun sud tizimida korruptsiya holatlariga duch kelgan taqdirda tezkor murojaat qilish imkoniyatlari yaratilgan. Ishonch telefoni, Telegram-bot va rasmiy veb-sayt orqali murojaat yuborish mumkin. Eng muhimi, murojaat qilgan shaxsning shaxsi sir saqlanishi hamda murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi qonun bilan kafolatlangan.
Sud tizimida halollik muhitini mustahkamlash maqsadida Oliy sud Prezidiumining qarori bilan pora taklif etilgani haqida xabar berish va uni ko‘rib chiqish tartibi ham joriy etildi. Bu esa sudyalar va sud xodimlari faoliyatida ochiqlik standartlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
2024 yil 27 dekabrda qabul qilingan «Sudlarda korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g’risida»gi buyruq esa sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu hujjat bilan korruptsiyaga qarshi siyosat, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, xavf-xatarlarni baholash, davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va murojaatlarni qabul qilish tartibini qamrab olgan qator muhim ichki hujjatlar tasdiqlandi.
Shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining huquqiy ongi va mas’uliyatini oshirish maqsadida korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Amalda turli mavzularda ma’ruza va seminarlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Qisqasi, sud tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmayapti. Bugun bu jarayon profilaktika, ochiqlik, raqamlashtirish va institutsional nazorat mexanizmlari orqali kompleks tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa, o‘z navbatida, odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Janat AYMAGANBETOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi






