NAZARIYA VA AMALIYOT TUTASHGAN NUQTA

 

Qoraqalpog’iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va suv xo‘jaligi fakultetida talabalar uchun amaliy ahamiyatga ega navbatdagi seminar-uchrashuv tashkil etildi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi U.Sabirov va sudya katta yordamchisi A.Ajibekov, professor-o‘qituvchilar hamda Yurisprudentsiya yo‘nalishi talabalari ishtirok etdi.

 

 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida sud hokimiyatiga berilgan o‘rin, uning mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy kafolatlar hamda amaliyotdagi ahamiyati haqida atroflicha to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, sud hokimiyatining ochiqligi va adolatli sudlovni ta’minlash bugungi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

 

 

Sudya U.Sabirov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025 yil 23 iyundagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan ‘To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g’risida’gi Qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g’risida”gi 13-sonli qarori mazmun-mohiyati keng yoritildi. Shuningdek, so‘nggi yillarda sud-huquq sohasida qabul qilingan muhim farmon va qarorlar, ularning amaliyotga tatbiqi yuzasidan tushuntirishlar berildi. Ma’ruza talabalarda sud amaliyotiga oid aniq tasavvur shakllantirishga xizmat qildi.

 

 

Uchrashuvning eng faol qismi savol-javob jarayoni bo‘ldi. Talabalar sud tizimi faoliyati, iqtisodiy nizolarni ko‘rish tartibi, to‘lovga qobiliyatsizlik ishlarining o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar.

 

 

Ta’kidlash joiz, bunday amaliy muloqotlar yoshlarning huquqiy ongi va kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.