JAMOAT TARTIBIGA QARSHI JINOYATCHILARNING KRIMINOLOGIK PROFILI

Har qanday jamiyatda ijtimoiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda jamoat tartibi muhim o‘rin tutadi. Jamoat tartibining buzilishi nafaqat fuqarolarning kundalik hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki davlatning huquqiy va ijtimoiy tuzilmalari barqarorligiga ham tahdid soladi. Shu boisdan, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar zamonaviy kriminologiyaning dolzarb tadqiqot yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Mazkur jinoyatlar doirasida sodir etilgan huquqbuzarliklar ko‘pincha shaxsiy tajovuz, ommaviy tartibsizlik, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish, bezorilik kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Bunday huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarning ijtimoiy-demografik xususiyatlari, psixologik holati, jinoyatga olib kelgan sabab va sharoitlarni chuqur tahlil qilish ularning kriminologik profilini shakllantirishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu maqolada jamoat tartibiga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarning kriminologik profili atroflicha tahlil qilinadi. Shuningdek, ushbu jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan kriminologik ma’lumotlar asosida tahliliy yondashuv taklif etiladi.
Jinoyatchi shaxsi – avvalo jinoyat sub’ektining shaxsidir. Jinoyat qonunchiligiga binoan jinoyat sub’ekti uni aynan sub’ekt deb topish uchun zarur ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi lozim. Bunday ko‘rsatkichlar uchta: jismoniy shaxs (jahonning ba’zi bir mamlakatlarida yuridik shaxslarni ham jinoyat sub’ekti deb topish imkoniyati nazarda tutilganki, bunga qo‘shilish qiyin), shaxsning muayyan yoshga to‘lganligi (MDHning bir qancha mamlakatlari qonunchiligiga ko‘ra 14, 16, 18 yosh, jahonning ba’zi bir mamlakatlari jinoyat kodekslariga binoan esa – bundan ham kichikroq yosh) va aqli rasolik. Ammo jinoyatchi shaxsini tavsiflash uchun jinoyat sub’ektining faqat jinoyat-huquqiy belgilari etarli emas. Muayyan sub’ektning jinoyat sodir etishi faqat jinoyat sodir etgan odam shaxsi mavjudligini e’tirof etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Jinoyat sub’ektining shaxsi odamning asosan jinoiy xulq-atvor xususiyatlari bilan bog’liq bo‘lgan boshqa har xil ko‘rsatkichlarini ham qamrab oladi. Jinoiy xulq-atvor, eng avvalo, odamni atrofidagi borliq, muhit bilan belgilanadi. Lekin, ayni vaqtda, u shaxsning muayyan mayllari, intilishlari, xulq-atvor motivlari va maqsadlarini ham aks ettiradi. Tabiiyki, odamga qanday salbiy xususiyatlar xos bo‘lmasin, agar u jinoyat sodir etmagan bo‘lsa, uni jinoyatchi deb hisoblash mumkin emas. Jinoyat sodir etganlik holati muayyan odamni g’ayriijtimoiy shaxs sifatida tavsiflaydi, lekin uning mazmun-mohiyatini to‘liq tushuntirib bermaydi.
Q.Abdurasulova ta’kidlab o‘tganidek, jinoyat sub’ektining shaxsi uch darajada: jinoyatchi shaxsi umumiy tushunchasi nuqtai nazaridan, har xil toifaga mansub jinoyatchilarning belgilarini aniqlash nuqtai nazaridan va muayyan jinoyat sodir etgan shaxs (masalan, o‘g’rilik, odam o‘ldirish, nomusga tegish, avtomobilni olib qochish va hokazo jinoyatlar sodir etuvchi shaxslar) darajasida o‘rganilishi lozim.
Mazkur darajalarda shaxsni o‘rganish va uning belgilarini aniqlash darajasi har xil bo‘lishi mumkin, chunki bu erda umumlashtirish (abstraktsiya) darajasi har xildir. Jinoyat sub’ektining shaxsi muayyan jinoyat sodir etgan shaxs darajasida nisbatan to‘liq tavsiflanishi mumkin. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda bezorilik hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etgan shaxs o‘zining g’ayriijtimoiy xulq-atvori, yurish-turishi bilan jamiyatda, xususan jamoat joylarida axloq va huquq normalariga muvofiq o‘rnatilgan tartib qoidalarni mensimasdan, ularning talablariga rioya qilmasdan yoki ularni buzgan holda mavjud ijtimoiy munosabatlarga tajovuz qiladi. Jinoyat ishlarining tahliliga ko‘ra, jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyatning turi sifatida bezorilikni sodir etgan shaxslarga qo‘yidagi omillar ta’sir ko‘rsatayotganligi aniqlandi: 1) aybdorning o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘yishga intilishi (36%); 2) xulq-atvori jamiyatda yurish-turish qoidalari va qonun normalarini mensimasligi (22,5 %); 3) ilgari jinoyat sodir etganlarning ta’siri ostiga tushib qolishi (5,5 %); 4) turmushidan norozilik va boshqalardan nafratlanish
(4 %); 5) boshqa motivlar (o‘ch olish, rashk, nafratlanish va b.q.) (32 %).
Muayyan jinoyat sodir etish mexanizmida jinoyatchining shaxsi muhim rol o‘ynaydi. Chunki jinoyat inson tafakkurining mahsulidir. Bu borada F.Y.Gall “jinoyat uni sodir etgan shaxsning mahsuli hisoblanadi, shunga ko‘ra, jinoyatning xususiyati bu individning tabiati va u yashab turgan muhitga bog’liq bo‘ladi”, deb hisoblaydi. Bu esa jamoat tartibini buzgan jinoyatchi shaxsini o‘rganish zaruratini keltirib chiqaradi. Shu boisdan, azaldan jinoyatchi shaxsi kriminologiya fanining asosiy masalasi sifatida tadqiqotchilarning diqqat markazida bo‘lgan. Jinoyatchi shaxsi avvalo jinoyat sub’ektining shaxsidir. Bezorilik hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etgan “jinoyatchi shaxsi” tushunchasi keng ma’nodagi ijtimoiy tushuncha bo‘lgan “inson shaxsi” bilan uzviy bog’liq. Bezorilik sodir etgan jinoyatchi shaxsi deganda, qonunda nazarda tutilgan bezorilikni sodir etgan muayyan shaxs nazarda tutilsa, “jinoyatchi shaxsi” esa uning o‘ziga xos belgilari va xulq-atvorlari mazmunini ifodalaydi. Y.O.Alauxanov jinoyatchi shaxsini umumijtimoiy tushuncha bo‘lgan “shaxs” va ijtimoiy-huquqiy tushuncha bo‘lgan “jinoyatchi” so‘zlaridan tashkil topganligini aytadi. Jinoyatchi shaxsi jinoyat sodir etgan shaxsning yuridik jihatdan ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy-ijtimoiy, ruhiy va jismoniy xususiyatlari majmuidir. Kriminolog olimlarning jinoyatchi shaxsi sxemasi to‘g’risidagi ba’zi bir muhim takliflarini keltirib o‘tamiz. R.Dushanovning qayd etishicha, jinoyatchi shaxsi – jinoyatchining asosiy intellektual-ma’naviy xislatlari, ruhiy va jismoniy holatining majmuidir.
Bezorilik sodir etgan jinoyatchi shaxsi tushunchasi o‘ziga xos ravishda jinoyatchining ijtimoiy belgilarini ifodalaydi, ya’ni shaxsning “ijtimoiy qiyofasi”ni ochib berishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham kriminalistikada shaxsga moddiy voqelik nuqtai nazardan – bo‘yi, qaddi-qomati, ko‘zi, qoshi kabilarni tavsiflansa, kriminlogiyada shaxsga uning ijtimoiy holatlari orqali ta’rif beriladi.
Yuridik adabiyotda jinoyatchi shaxsi deganda, jinoyat qonunini aybli ravishda buzayotgan shaxsni tavsiflovchi, hamda boshqa shaxsiy sharoitlar va holatlar bilan hamoxang tarzda, uning jinoiy xulqiga ta’sir etadigan ijtimoiy va ijtimoiy shartlangan xususiyatlar, belgilar, aloqalar, munosabatlar yig’indisi tushuniladi. Jinoyatchi shaxsi, maxsus ijtimoiy tip sifatida ko‘riladi, uning xususiyatlari esa “…shaxsning desotsiallashuvini, hamda shu orqali salbiy ijtimoiy rollarni tanlash va amalga oshirishi haqida dalolat beradigan salbiy ijtimoiy sifatlar mavjudligi”da ifodalanadi.
Jamoat tartibini buzib, bezorilik hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etgan shaxsga oid kriminologik ma’lumotlar mazmunan jinoyatchi shaxsi va uning xulq-atvori to‘g’risidagi ma’lumotlarga asoslanadi. Bu ma’lumotlar jinoyatchining individual xususiyatlari uning shaxs sifatida shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan ijtimoiy muhit bilan to‘g’ri va teskari aloqalariga asoslanadi. Xususan, so‘z bezorilikning kriminologik tavsifi haqida yuritilar ekan, unda ushbu jinoyatni sodir etganlarning shaxsini tavsiflovchi xususiyatlarni ochib berish zarur hisoblanadi. Bu borada, birinchi navbatda, amaliy vazifani hal etishga to‘g’ri keladi. Bezorilik sodir etgan shaxsning turmush tarzi uning ma’naviy qiyofasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan faol jarayon sifatida baholanib, u barcha ijtimoiy ahamiyatli harakatlar singari odam shaxsiy faoliyatining natijasi hisoblanadi. Har bir aniq vaziyatda faqat shaxsning o‘zi jinoyat sodir qilish to‘g’risida qaror qabul qiladi.
Jinoyatchilarni tasniflash muhim tahliliy va profilaktik ahamiyatga ega bo‘lib, jinoyatchilik sabablarini yanada chuqurroq va har tomonlama o‘rganish, jinoyatlarning oldini olish va prognoz qilish tizimini ishlab chiqishga yordam beradi. Shu sababli jinoyatchilarni tasniflash kriminologiyaning eng dolzarb, lekin hali yaxshi o‘rganilmagan muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Adabiyotlarda qayd etilganidek, jinoyat sodir qilgan shaxslarni toifalash (tipizatsiya) g’oyasi ularning muayyan guruhlari to‘g’risidagi ma’lumotlarga asoslanadi. Shu bois, G.A.Avanesov “Jinoyatchi shaxsi va uning tuzilishini chuqurroq o‘rganish uchun bunday shaxsning o‘ziga xos xususiyatini ham anglash lozim” , deb hisoblaydi. Ko‘rinib turganidek, shaxsning o‘ziga xosligi va tuzilishi o‘rtasida aloqadorlik mavjud. Shuning uchun ham, tadqiqotning negizida shaxs tuzilishi yotadi, chunki shaxs tuzilishini anglamasdan turib, jinoiy xulq-atvorning mexanizmini tushunish mumkin emas. Jamoat tartibiga qarshi jinoyatchilarning kriminologik profilini o‘rganish zamonaviy jamiyatda huquqiy barqarorlik va fuqarolik xavfsizligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Jinoyat harakati – bu tasodifiy hodisa emas, balki ko‘pincha ijtimoiy muhit, shaxsiy fazilatlar, ma’naviy-psixologik omillar va hayotiy sharoitlarning murakkab o‘zaro ta’siri natijasidir. Ayniqsa, bezorilik, qimor o‘yinlarini tashkil etish kabi jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar jamiyatda befarqlik, ijtimoiy nazorat zaifligi va huquqiy ongning pastligidan darak beradi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlarni sodir etayotgan shaxslar orasida yoshlar soni yuqori bo‘lib, ular orasida huquqiy madaniyatning pastligi, ijtimoiy beqarorlik, oilaviy tarbiyaning sustligi kabi omillar etakchi rol o‘ynaydi. Bu esa jinoyatchilik profilaktikasini nafaqat jazolashga emas, balki ijtimoiy-psixologik omillarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks yondashuv asosida amalga oshirish zarurligini taqozo etadi. Shuningdek, jinoyatchi shaxsini tahlil qilish faqatgina kriminalistik nuqtai nazardan emas, balki ijtimoiy psixologiya, pedagogika, huquqshunoslik va boshqa fanlar bilan uzviy aloqada olib borilishi lozim. Shaxsning ijtimoiy roli, axloqiy qadriyatlari, motivatsiyalari va hayotga bo‘lgan munosabatini tahlil qilish orqali biz jinoyat xavfini oldindan aniqlash va profilaktik choralarni yanada samaraliroq shakllantirishimiz mumkin.
Demak, jamoat tartibiga qarshi jinoyatchilarning kriminologik profilini o‘rganish – bu nafaqat ilmiy-nazariy, balki amaliy jihatdan ham muhim vazifa bo‘lib, u jinoyatchilikka qarshi kurashning samaradorligini oshirish, jinoyatlarning oldini olish tizimini takomillashtirish, yoshlar orasida huquqiy ongnu yuksaltirish va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Shu sababli, bu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar va tahlillar doirasini yanada kengaytirish, yangi metodik yondashuvlarni ishlab chiqish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Gulistan BISENOVA, 
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi  Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi