TO‘LOVGA QOBILIYATSIZ DEB TOPISH TO‘G’RISIDAGI ISHLARNI KO‘RISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI: SUD AMALIYOTIDAGI MUAMMOLAR VA ULARNING ECHIMI

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi tashabbusi bilan O‘zbekiston Savdo-sanoat Palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasida “To‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g’risidagi ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari: sud amaliyotidagi muammolar va ularning echimi” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.

 

 

Tadbirga sudyalar, Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi, prokuratura, davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi, sud boshqaruvchilari qatnashdi.

 

 

 

Seminarda, Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi B.Ktaybekov so‘z olining raisi B.Ktaybekov so‘z olib, to‘lovga qobiliyatsizlik (bankrotlik) murakkab va ko‘p jihatli huquqiy jarayon bo‘lib, uni to‘g’ri yuritish mas’ul soha vakillaridan chuqur bilim, tahlil qilish qobiliyati va amaliy tajriba talab etishini ta’kidladi. Chunki, sud amaliyotida bankrotlik ishlarining soni ortib borishi, ayniqsa kichik va o‘rta biznes sohalarida, ushbu masalaga jiddiy yondashishni taqozo etmoqda. “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qarzdorlarning moliyaviy qobiliyatini aniqlash va ularning to‘lovga qobiliyatsizligini to‘g’ri baholash imkonini beradi. Shu boisdan ham, mazkur qonun normalarni to‘g’ri va aniq qo‘llash sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

 

“2025 yilning 1-mart holatiga sudlarning ish yurituvida tugatishga doir ish yuritish muddati bir yildan oshgan 82 ta to‘lovga qobiliyatsiz (bankrot) korxonalar mavjud bo‘lib, ushbu toifadagi ishlar ayrim hollarda harakatsiz qoldirilgan yoki tugatish boshqaruvchisi tomonidan oraliq va yakuniy hisobot taqdim qilinmagan”-deydi Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi A.Ayapov o‘z ma’ruzasida. Qonun talabiga ko‘ra, har chorakda oraliq hisobot, ish tugaganda — yakuniy hisobot topshirilishi shart.

 

 

Bankrotlik jarayonlarining cho‘zilishi kreditorlarning manfaatlariga zarar etkazadi, iqtisodiy muomaladagi ishonchni kamaytiradi va biznes muhitini noaniq holga keltiradi.

 

Tadbirda to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan hamda bir yildan ortiq muddat davomida tugatish ishlari yakunlanmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha ish holatlari shu ishga mas’ul bo‘lgan shaxslar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

 

 

Shuningdek, Soliq kodeksi hamda “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g’risida”gi qonun va boshqa qonunosti hujjatlari normalari bilan ishlashda ularni amalda to‘g’ri qo‘llash, qonunchilikda belgilangan protsessual muddatlarga og’ishmay rioya qilish, ishlarni ko‘rib chiqishda tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlariga putur etkazmaslik hamda yuzaga kelayotgan muammoli holatlarni qonun doirasida bartaraf etish lozimligi atroflicha tushuntirildi.

 

Tadbir so‘nggida ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.