FUQAROLIK ISHLARI BO‘YICHA SUD XARAJATLARINI UNDIRISH TARTIBI
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga ko‘ra, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan sud-huquq sohasidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar o‘zining ijobiy samarasini berib kelmoqda. Buni xalqimizning sud va boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga qilayotgan murojaatlari, sudlarda ko‘rilayotgan ishlarning mazmuni va unda ishtirok etayotgan shaxslarning huquqiy madaniyati darajasidan ham ko‘zatishimiz mumkin.
Ayniqsa, so‘ngi yillarda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning ish yurituvidagi ishlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Odil sudlovni amalga oshirish bevosita davlat byudjeti hisobidan ta’minlanadi. Bunda, sudlarga murojaat qilishda undiriladigan davlat boji to‘lovlari boshqa majburiy to‘lovlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini shakllantirishning tarkibiy qismini tashkil qiladi.
Shuning uchun davlat bojini to‘g’ri belgilash va vaqtida undirish muhim ahamiyat kasb etadi. Sudlarga ariza, da’vo ariza berishda hamda sud hujjatlariga nisbatan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyati berishda davlat boji undirish miqdori, hamda davlat boji to‘lovidan ozod qilingan jismoniy va yuridik shaxslar ro‘yxati, shuningdek davlat bojini kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va kamaytirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g’risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi normalari bilan belgilangan.
Shu kungacha amalda bo‘lgan “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g’risida”gi plenumi qarori 15 yil avval qabul qilingan bo‘lib, bu davr ichida qonunchilikda bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Bu esa, mazkur plenum qarorini ham qaytadan ko‘rib chiqqan holda uning yangi tahririni qabul qilish zaruriyatini yuzaga keltirdi.
Shu sababli, sudlar tomonidan qonun normalarini bir xilda va to‘g’ri qo‘llanilishini ta’minlash, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida 2024 yil 16 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g’risida»gi 37-son qarori qabul qilindi.
Mazkur Plenum qarori sud xarajatlarini undirish masalasiga doir qonunchilikni sudlar tomonidan to‘g’ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Plenum qaroriga sudlar tomonidan davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, sudlarda turlicha amaliyot yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan holatlarga batafsil tushuntirishlar berish haqidagi yangi bandlar kiritildi.
Xususan, da’vo bahosi chet el valyutasida belgilangan mulkiy nizo bo‘yicha sudga ariza berilganda, davlat bojining miqdori ariza taqdim etilgan sanada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha milliy valyutada belgilanishi;
«Davlat boji to‘g’risida»gi Qonun bilan belgilangan davlat boji stavkalarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlariga oid qismida shartnoma oldi nizolari bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat boji stavkalari belgilanmaganligi hamda Fuqarolik protsessual kodeksi 129-moddasining 2-bandida mol-mulkni talab qilib olish to‘g’risidagi da’volar bo‘yicha da’voning bahosi talab qilinayotgan mol-mulkning qiymatiga qarab belgilanishi nazarda tutilganligi sababli, shartnomani haqiqiy emas deb topish yoki bekor qilish haqidagi talablar yuzasidan nizolashilayotgan shartnomada ko‘rsatilgan pul qiymati (shartnoma bahosi) da’vo bahosi hisoblanishi va davlat boji mulkiy xususiyatga ega da’vo arizalar uchun qonunda belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanishi lozimligi;
«Davlat boji to‘g’risida»gi Qonun 8-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar sud hujjatlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya, taftish shikoyati bilan murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etilganligi;
apellyatsiya, kassatsiya, taftish shikoyatidan voz kechilganligi sababli shikoyat bo‘yicha ish yuritish tugatilganda, to‘langan davlat boji qaytarilmasligi, agar shikoyat berishda davlat boji to‘lanmagan bo‘lsa, davlat boji shikoyat bergan shaxsdan undirilishi va boshqa qator sud amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
Mazkur Plenum qarori odil sudlovga erishishga xizmat qilish bilan birga, sud amaliyotini birxillashtirish, qonunlarni aniq va to‘g’ri qo‘llashga xizmat qiladi.
Abdimurat KERIMBAEV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisi o‘rinbosari