Fuqaro M. Xalekovning ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan murojaati yuzasidan
Aniqlanishicha, jinoyat ishlari bo’yicha Bo’zatov tuman sudining 2022 yil 16 fevraldagi hukmiga ko’ra K. Sadirbaeva Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining «b» bandi bilan aybli, deb topilgan. Unga nisbatan ushbu Kodeksning 57-moddasi qo’llanilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sud hukmi ustidan berilgan shikoyatlarga asosan Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi Jinoyat ishlari bo’yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instantsiyasining 2022 yil 1 avgustdagi ajrimi bilan mazkur hukm o’zgartirilib, K. Sadirbaevaning ayblovidan murojaatchi M. Xalekovdan 3.800.000 so’m miqdoridagi pulni aldab olganligi epizodi va moddiy zarar undirish bilan bog’liq qismi chiqarilgan.
Ma’lumki, Jinoyat-protsessual kodeksi 499-moddasining 1-qismi talabiga ko’ra, birinchi va apellyatsiya instantsiyasi sudining hukmi, ajrimi ustidan mahkum, uning himoyachisi va qonuniy vakili, jabrlanuvchi hamda uning vakili kassatsiya tartibida shikoyat berishi mumkin.
Ushbu Kodeksning 500-moddasiga asosan kassatsiya shikoyati, protesti bevosita kassatsiya instantsiyasi sudiga – O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo’yicha sudlov hay’atiga beriladi.
Qayd etilganlarga asosan M. Xalekovga K.Sadirbaevaga oid jinoyat ishi yuzasidan qabul qilingan sud qarorlaridan norozi bo’lgan taqdirda Oliy sudning Jinoyat ishlari bo’yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat qilishga haqli ekanligi tushuntiriladi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi matbuot xizmati