YOʻL HARAKATI XAVFSIZLIGI — HAR BIR INSON HAYOTI BILAN BOGʻLIQ MASALA

 

Amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, bu turdagi jinoyatlar asosan haydovchilarning beparvoligi, tezlikka rioya qilmaslik, qoidalarni mensimaslik va masʼuliyatsizlik oqibatida sodir etilmoqda.

 

Har bir qoidabuzarlik ortida inson taqdiri turganini unutmaslik lozim. Shu bois, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, avvalo, har bir fuqaroning huquqiy savodxonligi va shaxsiy masʼuliyatiga bogʻliq.

 

Nukus tumani “Samanbay” OFY hududida jinoyat ishlari boʻyicha Nukus tuman sudi raisi G. Bisenova tomonidan aholi bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuv davomida transport vositalarini boshqarish va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bogʻliq jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyoti tahlil qilindi.

 

Tahlillarga koʻra, 2025-yil davomida sud ish yurituviga 9 nafar shaxsga nisbatan 9 ta jinoyat ishi kelib tushgan. Shundan 2 nafar shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan, qolgan 7 ta ish esa taraflarning oʻzaro yarashuvi asosida tugatilgan.

 

Ayblov hukmlari boʻyicha 2 nafar shaxsga muayyan huquqdan mahrum qilish hamda ozodlikni cheklash jazolari tayinlangan.

 

Shu nuqtayi nazardan, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash faqat nazorat yoki jazo bilan emas, balki har bir haydovchi va fuqaroning huquqiy savodxonligi, intizomi va shaxsiy masʼuliyatini oshirish orqali taʼminlanadi. Zero, qonunga hurmat va hayotga ehtirom — xavfsiz jamiyatning eng mustahkam poydevoridir.

 

Tadbir yakunida fuqarolar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.