OTA-ONALIK HUQUQIDAN MAHRUM QILISH VA TIKLASH SHARTLARI

Bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan oilaviy-huquqiy sohada himoya qilish darajasini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hozirda davlat oila siyosati jamiyat hayotida yuz berayotgan ob’ektiv o‘zgarishlar ta’siri ostida shakllanmoqda. Shu bois, respublikamiz miqyosida oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy muammolarning sabablarini bartaraf etishga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Afsuski, ba’zi oilalarda ota-onalar qiyin hayotiy vaziyat sababli bolalariga zarur g’amxo‘rlik ko‘rsata olmaydilar. Bu jumladan, bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik, shuningdek mulkiy huquqlarning buzilishi ham kuzatiladi. Asosiy sabablar qatorida qashshoqlik, alkogolizm, giyohvandlik, ota-ona majburiyatlariga mas’uliyatsiz munosabat va oilaviy hamda axloqiy qadriyatlarning past darajasi ko‘rsatiladi. Bu holatlar oilaviy munosabatlarning beqarorligiga va ijtimoiy muammolarning kuchayishiga olib keladi.

 

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish – bu ota-onalarning farzandlariga nisbatan aybli huquqbuzarlik sodir etganlik holatlari uchun qo‘llaniladigan oxirgi qat’iy sanktsiyadir. Qonunga ko‘ra, ota-onalik huquqidan mahrum qilish faqat sud qarori bilan amalga oshiriladi va bu bolaning manfaatlarini himoya qilish maqsadida qo‘llaniladi.

 

Amalda, ota-onalik huquqidan mahrum qilish faqat quyidagi hollarda mumkin:

  • Ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortish, shu jumladan aliment to‘lashdan voz kechish;
  • Bolani davolash, tarbiyalash yoki ijtimoiy himoya muassasalaridan olishdan o‘z irodasi bilan bosh tortish;
  • Ota-onalik huquqini suiiste’mol qilish va bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lish;
  • Muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka moyillik;
  • Bolaning yoki oila a’zolarining hayoti va sog’lig’iga qarshi qasddan jinoyat sodir etish.

 

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish jarayonida bolaning ta’minoti, ta’limi va xavfsizligini ta’minlash bilan bog’liq barcha masalalarni hal qiladi. Shuningdek, sud ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning bolaga aliment to‘lash majburiyatidan ozod qilmasligini ta’minlaydi.

Ota-onaning huquqini tiklash mumkin bo‘lib, bu faqat ularning xulq-atvorini va bola tarbiyasiga munosabatini o‘zgartirgan holatda va sud qarori asosida amalga oshiriladi. 10 yoshga to‘lgan bolalarning roziligi ota-onalik huquqini tiklashda asosiy shart sanaladi.

 

Shu tariqa, ota-onalik huquqidan mahrum qilish institutlari nafaqat javobgarlik chorasi sifatida, balki bolaning huquqlarini himoya qilish va oilada tarbiyaviy muhitni saqlash vositasi sifatida ham qonunchilikda o‘z o‘rniga ega. Bu jarayonda asosiy maqsad — bolaning qonuniy manfaatlarini ta’minlash va uning kelajagini muhofaza qilishdir.

 

 

Saodat KAIPNAZAROVA,

 Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining  sudyasi