SUD TIZIMIDA INTERAKTIV XIZMATLAR: SHAFFOFLIK VA ADOLAT SARI MUHIM QADAM  

 

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining markazida inson qadri va uning huquqlarini himoya qilish masalasi turibdi. Bu borada sud faoliyatini raqamlashtirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish eng ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Davlat rahbarimizning tegishli Farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida, sud tizimida qog‘ozbozlikdan voz kechilib, to‘liq elektron ish yuritishga o‘tilmoqda. Yangilangan protsessual kodekslar sud majlislarini masofadan turib, videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga huquqiy yo‘l ochib berdi. Bu nafaqat fuqarolarning vaqtini tejaydi, balki ortiqcha sarsongarchiliklarning oldini oladi.

 

 

Oliy sud tomonidan ishga tushirilgan my.sud.uz  yagona interaktiv xizmatlar portali fuqarolarga keng imkoniyatlar taqdim etmoqda: Endilikda elektron murojaat ya’ni da’vo arizalari va shikoyatlarni uydan chiqmay turib, onlayn yuborish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, Davlat bojlarini elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lash va kvitansiyalarni tizimga biriktirish yo‘lga qo‘yilgan.

 

 

Masofaviy monitoring ya’ni har bir murojaatning ko‘rib chiqilish bosqichi, tayinlangan sud majlisining vaqti va joyi haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida kuzatib borish mumkin.

 

 

Sudlarda ish yuritishning «Adolat» axborot tizimlari kompleksiga o‘tkazilishi inson omilini kamaytirish va korrupsiya xavfini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ishlarni sudyalar o‘rtasida inson ishtirokisiz, avtomatik taqsimlanishi — bu adolat va xolislikning bosh mezonidir. Tizim kelib tushgan ishlarni sudyalar o‘rtasida ularning ish hajmi va ixtisoslashuvini hisobga olgan holda avtomatik ravishda taqsimlaydi. Bu esa korrupsiya xavfini bartaraf etishning eng samarali vositasidir. Tizim orqali fuqarolar o‘z arizalarining holatini real vaqt rejimida kuzatib borishlari va sud qarorlarini elektron formatda olishlari mumkin.

 

 

Shuningdek, sud majlislarining audio va video qayd etilishi jarayon ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishiga va sud majlisi bayyonnomalarining haqqoniyligiga xizmat qiladi.

 

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sudlardagi interaktiv xizmatlar fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan. Raqamlashtirish jarayonlari sud tizimini yanada ochiq, shaffof va xalqqa yaqin bo‘lishini ta’minlaydi. Zero, adolat tezkor va hamma uchun ochiq bo‘lishi shart.

 

 

Gulzada BERDIEVA,

Nukus tumanlararo ma’muriy sudining sudya yordamchisi