GENDER TENGLIK — ADOLAT VA INSON QADRI USTUVORLIGINING ASOSI
Bugungi kunda gender siyosati inson qadrini ulug’lash, adolatli jamiyat barpo etish va barqaror taraqqiyotga erishishning muhim omillaridan biri sifatida qaralmoqda. Gender tushunchasi xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning siyosat, iqtisodiyot, huquq, ta’lim, madaniyat va boshqa barcha sohalardagi ijtimoiy jihatini ifodalaydi. Gender tenglik esa faqat ayollar huquqlari bilan bog’liq masala emas, balki butun jamiyat manfaatlariga daxldor ijtimoiy adolat tamoyilidir.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni zo‘ravonlik va kamsitishdan himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida bu masalaga alohida to‘xtalib, quyidagi muhim fikrlarni ta’kidladi: “O‘zbekistonda – fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat bor, Konstitutsiya bor, qonunlar bor!”
Davlat rahbari xotin-qizlarning qadr-qimmatini himoya qilish, bolalarni zo‘ravonlikdan asrash qadimdan xalqimiz uchun sha’n va g’urur masalasi bo‘lib kelganini alohida ta’kidlab, jamiyatimizda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari mavjudligi aslo qabul qilib bo‘lmas holat ekanini ochiq-oydin bildirdi. Xususan, murojaatnomada keltirilishicha, so‘nggi ikki yilda ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik bilan bog’liq 2 mingdan ziyod jinoyat holati aniqlangan.
Prezident ta’biri bilan aytganda, oilaviy zo‘ravonlik faqat oilaning ichki ishi emas, balki butun jamiyatni tashvishga solishi lozim bo‘lgan muammodir. Ayolni o‘z muammosi bilan yolg’iz qoldirishga hech kimning haqqi yo‘q. Shu bois, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi barcha davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlarini safarbar etgan holda, samarali tizim yaratishi zarurligi qayd etildi. Parlament va jamoatchilikning faol ishtiroki esa bu borada ijobiy natijalarga olib kelishi shubhasiz.
O‘zbekistonda gender siyosatining huquqiy asoslari mustahkam shakllangan. 2019 yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g’risida”gi Qonun milliy qonunchiligimizda gender tenglik masalasini huquqiy jihatdan mustahkamladi. Shuningdek, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g’risida”gi Qonun ayollarni jismoniy, jinsiy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlikdan muhofaza qilishning aniq mexanizmlarini belgilab berdi.
2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi esa ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Gender masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi faoliyati ham davlat siyosatini izchil amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha qat’iy siyosiy iroda mavjud. Qonunlar qabul qilindi, institutlar shakllantirildi. Endi esa ushbu huquqiy normalarni amaliyotga to‘liq tatbiq etish, jamiyatda murosasiz munosabatni shakllantirish har birimizdan mas’uliyat talab etadi. Zero, xotin-qizlarning qadr-qimmatini himoya qilish — adolatli jamiyat, mustahkam oila va barqaror taraqqiyotning ishonchli kafolatidir.
Zulfiya BABADJANOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi






