SUD FAOLIYATIDA ODOB-AXLOQ: ODIL SUDLOVNING ASOSIY TAMOYILI

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, mamlakatimizda odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi va sud hokimiyati qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatdan to‘la mustaqil hisoblanadi. Sudning mustaqilligi – fuqarolarning huquq va manfaatlari adolatli himoya qilinishiga asosiy kafolatdir.

 

So‘nggi yillarda sud ishlari soni ortib, odil sudlovga qo‘yiladigan talablar yanada oshdi. Yangi sharoitlar, yangicha yondashuv va fuqarolarning adolatga bo‘lgan talabi sud-huquq tizimidan yuqori mas’uliyatni talab etmoqda.

 

Shu bois sud faoliyatida tartib-intizom, shaxsiy javobgarlik va xolislik – har bir sudya hamda sud xodimining kundalik ish me’yoriga aylanishi zarur. Chunki sud ostonasiga kelgan har bir inson bu erda adolat hukm surayotganiga ishonch hosil qilishi kerak.

 

Jamiyatda qabul qilingan odob-axloq me’yorlari sud tizimida alohida ahamiyat kasb etadi:

 

Odob – shaxsning xushmuomalaligi va milliy qadriyatlarga tayangan xulqi.

 

Xulq – insonning jamoa va muhitdagi ma’naviy qiyofasi.

 

Axloq – jamiyat uchun ibrat bo‘ladgan xayrli amallar majmuasi.

Intizom – huquqiy va axloqiy talablarga rioya etish, tashkilot qoidalariga mos yurish.

 

 

Sudya ana shu me’yorlarning barchasiga amal qilishi, qonunga va jamoatchilik ishonchiga xilof kelmaydigan xatti-harakatni namoyon etishi shart.

 

 

Sudyaning xizmatda ham, xizmatdan tashqari vaqtda ham qanday o‘zini tutishi lozimligi Sudyalar odob kodeksida belgilab qo‘yilgan. Bu me’yorlar sudyaning huquq va erkinliklarini cheklamaydi, aksincha uning obro‘si, xolisligi va mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Kodeksda ko‘rsatilmagan hollarda esa sudya jamiyatdagi umumiy axloq me’yorlariga va xalqaro standartlarga amal qilishi talab etiladi.

 

Sudya o‘z kasbiy nuqtai nazarini qonunchilik, huquq va sud amaliyotiga oid vaziyatlarda bildirishi mumkin. Biroq bunda uning ustidan ta’sir o‘tkazilishiga, mustaqilligiga shubha tug’ilishiga yo‘l qo‘yilmasligi zarur.

 

Shuningdek, sudya davlat organlari faoliyatini ommaviy tanqid qilishdan tiyilishi, turli komissiya va guruhlar ishida qatnashishi uning xolisligiga putur etkazmasligi kerak.

 

Sud tizimining obro‘si, adolatli qarorlar qabul qilinishi, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi – bevosita tartib-intizom va odob-axloqqa bog’liq. Shu bois bu qoidalarga nafaqat sudyalar, balki sud xodimlari ham qat’iy amal qilishlari kerak. Chunki ular kelajakning sudyalari, kelajak adolat posbonlaridir.

 

Sud-huquq tizimidagi tartib, printsip va etika talablari amalga oshirilsa, sudlar o‘z vazifasini to‘la qondira oladi. Bunday yondashuv fuqarolarning huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishi, mamlakatda qonuniylik va adolat ustuvor bo‘lishining asosiy kafolatidir.

 

 

 

Zulfiya BERDIMURATOVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi