“RAQAMLI SUD” KONTSEPTSIYASI: ODIL SUDLOVNING YANGI BOSQICHI
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida sudlar faoliyatida raqamlashtirish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, odil sudlovning shaffofligi va samaradorligini ta’minlash, sud tizimining ochiqligi va hisobdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimizning 2025 yil 21 avgustdagi PF-140-sonli Farmoni sud tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etishning yangi bosqichini boshlab berdi. Mazkur hujjat nafaqat sud ishlarini yuritishda qog’oz shaklidan to‘liq voz kechishni, balki sun’iy intellekt texnologiyalari orqali “Raqamli sud” kontseptsiyasini amalga oshirishni ham nazarda tutadi.
Farmonda belgilangan vazifalar milliy qonunchilikdagi printsiplar bilan uyg’un. Xususan, Konstitutsiyaning 44-moddasida har bir shaxsning sudga murojaat qilish huquqi kafolatlangan. Shu nuqtai nazardan, raqamli texnologiyalar bu huquqni amalga oshirishda qulaylik va keng imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, Xalqaro huquqning muhim hujjati — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (10-modda) ham adolatli sudlovga bo‘lgan huquqni e’tirof etadi. Demak, “Raqamli sud” kontseptsiyasi orqali O‘zbekiston xalqaro standartlarga uyg’un yo‘nalishda harakat qilayotgani yaqqol namoyon bo‘ladi.
“Raqamli sud” kontseptsiyasi amalga oshirilganda qator huquqiy va amaliy afzalliklarga erishiladi:
Sun’iy intellekt orqali prognozlash – sud jarayonining taxminiy natijasi va sud xarajatlari oldindan hisoblanadi. Bu fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun huquqiy tavakkalchilikni baholash imkonini beradi.
Elektron murojaat va masofaviy ishtirok – sud jarayonlarida ishtirokchilar sud binolariga tashrifsiz, onlayn tarzda qatnashadi. Bu nafaqat vaqt va xarajatlarni tejaydi, balki sud jarayonlarining ochiqligini ham ta’minlaydi.
Hujjat aylanmasi shaffofligi – taraflar ish materiallari bilan elektron shaklda tanishishi mumkin. Bu sudda ayrim hollarda uchraydigan ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etadi.
Avtomatik jarayonlar – ijro varaqalarining avtomatik yuborilishi, bayonnomalarning sun’iy intellekt tomonidan real vaqtda tayyorlanishi orqali inson omillari va suiiste’mollar ehtimoli kamayadi.
Sud tizimida raqamlashtirishning ilmiy ahamiyati shundaki, u “kiber huquq” sohasida yangi tadqiqotlarni talab etadi. Sud jarayonlarida sun’iy intellektdan foydalanish — klassik protsessual huquq normalarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Masalan, sun’iy intellekt orqali tayyorlangan bayonnoma yoki hujjatning yuridik kuchga egaligi, elektron dalillarni baholash tartibi kabi masalalar alohida ilmiy tadqiqotlarni talab qiladi.
Amaliy jihatdan esa, “Raqamli sud” kontseptsiyasi sudlarning samaradorligini oshirib, iqtisodiy va fuqarolik aylanmasida huquqiy barqarorlikni ta’minlaydi. Sud jarayonlarining tezkor va shaffof o‘tishi tadbirkorlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
“Raqamli sud” kontseptsiyasining joriy etilishi — sud tizimida yangi davrni boshlab beradi. Endi sud ishlari zamonaviy texnologiyalar yordamida tezroq, shaffof va oddiy tarzda amalga oshiriladi. Fuqarolar ham, tadbirkorlar ham sudga murojaat qilishda ortiqcha ovoragarchilikka duch kelmaydi, ular uchun qulay va ishonchli sharoit yaratiladi.
Ya’ni raqamli texnologiyalar sudni xalqqa yaqin, ochiq va haqiqiy adolat qo‘rg’oniga aylantiradi.
Polat DOSHMURATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi sudyasi