EKOLOGIYA – QONUN HIMOYASIDA
Insoniyat taraqqiyoti va sanoat rivojlanishi turmush darajasini yaxshilash bilan bir qatorda, tabiat va atrof-muhitga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda havo ifloslanishi, suv tanqisligi, cho‘llanish jarayonlari, chang bo‘ronlari kabi ekologik muammolarni bartaraf etishda nafaqat ma’naviy, balki huquqiy mas’uliyat ham katta ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasida fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, 68-moddaga ko‘ra er, er osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi umummilliy boylik hisoblanadi va davlat muhofazasi ostidadir.
Ana shu normalardan kelib chiqib, mamlakatimizda muhim bo‘lgan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g’risida”gi, “Ekologik ekspertiza to‘g’risida”gi , “Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g’risida”gi qonunlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XIV bobi (193–204-moddalar)da atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Jumladan, er va suv resurslarini ifloslantirish, noqonuniy daraxt kesish yoki hayvonot dunyosiga zarar etkazish, erlarning unumdorligini yo‘qotish, ularni zararlantirish, sanoat chiqindilarini qonunga xilof ravishda tashlash kabi qilmishlar og’ir jinoyat hisoblanadi va ular uchun qonunchilikda qat’iy jazo choralari belgilangan.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning VIII bobi (65-96-moddalar)da ekologiya va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralari ko‘rsatilgan. Masalan, erlardan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga keltirish, suv, havo va atrof-muhitni ifloslantirish, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar etkazish uchun ma’muriy jarimalar va boshqa choralar belgilangan.
Huquqiy asoslardan ko‘rinadiki, tabiatga etkazilgan har bir zarar uchun javobgarlik muqarrar. Bu esa davlatimiz atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga katta ahamiyat qaratayotganini ko‘rsatadi.
Shu bois, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish — faqat ma’naviy burch emas, balki qonun oldidagi javobgarlik hamdir.
Alisher AMETOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi