MEHNAT MUNOSABATLARI SOHASIDA YUZAGA KELAYOTGAN NIZOLARNI HAL ETISHNING HUQUQIY MEXANIZMLARI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga ko‘ra, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.

So‘nggi yillarda sudga mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqqan nizolar bo‘yicha da’vo arizalari kiritish soni sezilarli darajada ko‘paymoqda.

Mehnat nizolarining ko‘payishiga joylarda mehnat qonunchiligiga har doim qat’iy amal qilmaslik, Konstitutsiya va qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan mehnat huquqlarining oyoq osti qilinishi, ularni asossiz cheklash va sohaga tegishli qonunosti hujjatlari talablarini lozim darajada bajarmaslik kabi salbiy holatlar sabab bo‘lmoqda.

Da’vo talablari asosli bo‘lgan va mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruq noqonuniy deb topilgan barcha hollarda sud xodimlarni avval ishlab turgan lavozimiga ishga qayta tiklash, majburiy progul kunlari uchun ish haqi va ma’naviy zararni undirish haqida qarorlar qabul qilinmoqda.

Ishlarni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha qonunbuzarlik holatlari aniqlangan hollarda sud alohida ajrim chiqarish yo‘li bilan, ish beruvchi va uning yuqori tashkilotlariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish talabini qo‘ymoqda.

Aniqlangan holatlar kelgusida ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligi talablarini chuqur o‘rganish, belgilangan qoida va tartiblarga so‘zsiz amal qilish, xodimlar bilan ishlash vazifasi yuklatilgan mas’ul shaxslarning bunga bog’liqligi bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borish kabi aniq vazifalarni bajarishni talab etmoqda.

Yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi avvalgi kodeksga nisbatan mukammal ishlab chiqilgan bo‘lib, unda mehnatga oid munosabatlar va ularning ishtirokchilari o‘rtasida, xususan, ish beruvchi va xodim o‘rtasida paydo bo‘ladigan turli holatlar keng ko‘rsatib berildi, bunda asosan xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratildi.

Mehnat nizolarini sud tomonidan ko‘rishda yagona sud amaliyotini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tegishli qarorlari qabul qilingan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023 yil 20 noyabrda «Sud tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini qo‘llash amaliyoti to‘g’risida»gi 26-sonli qarori qabul qilingan.

Mehnat to‘g’risidagi qonunchilikni va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni, mehnat shartnomasini qo‘llash masalalari bo‘yicha yakka tartibdagi mehnat nizolarini (da’vo xususiyatiga ega yakka tartibdagi mehnat nizolari) ko‘rib chiqish tartibi Mehnat kodeksida belgilanadi, sudda mehnat nizolari bo‘yicha ishlarni ko‘rish tartibi esa bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi bilan belgilanadi.

Xodim mehnat nizosini hal qilish uchun o‘z tanloviga ko‘ra mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaga yoki bevosita sudga murojaat qilishga haqli.

Har qanday yakka tartibdagi mehnat nizosi mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada yoki sudda ko‘rib chiqishning istalgan bosqichida, sud maxsus xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun kirishidan oldin «Mediatsiya to‘g’risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ko‘rib chiqish uchun mediatorga o‘tkazilishi mumkin.
Mehnat qonunchiligida bevosita sudda ko‘rib chiqiladigan mehnat nizolari ham belgilangan, shuningdek har qanday yakka tartibdagi mehnat nizolari xodimning xohishiga ko‘ra, bevosita sudda ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilishning tegishli muddatlari belgilanadi.

Xususan, ishga qayta tiklash to‘g’risidagi nizolar bo‘yicha – xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g’risidagi ish beruvchi buyrug’ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran uch oy; xodim tomonidan ish beruvchiga etkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g’risidagi nizolar bo‘yicha – ish beruvchi zarar etkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran bir yil; boshqa mehnat nizolari bo‘yicha – xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g’risida bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy.
Xodimning hayoti va sog’lig’iga etkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi nizolar bo‘yicha, shuningdek xodimga etkazilgan ma’naviy zararni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat etish muddati belgilanmaydi.

Har qanday holatda ham, mehnat nizolariga oid da’vo arizalari sud tomonidan ish yuritishga qabul qilinib, mazmunan ko‘rib chiqiladi. Mehnat nizolari bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun qonunda belgilangan muddatning o‘tib ketganligi oqibatida da’vo muddatini qo‘llash bo‘yicha ikkinchi tarafning arizasiga asosan sud tomonidan da’vo talabiga nisbatan da’vo muddati qo‘llanilishi mumkin.

Mehnat shartnomasi asossiz bekor qilingan, g’ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan, mehnat shartlari o‘zgartirilgan yoki ishdan chetlashtirilgan hollarda yakka tartibdagi mehnat nizosini ko‘rib chiquvchi organ xodimni avvalgi ishiga tiklaydi, shu bilan birga avvalgi mehnat shartlarini tiklaydi. Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishning qonuniyligi to‘g’risidagi masalani hal etayotganda sud xodim bilan mehnatga oid munosabatlarni bekor qilishning asosliligiga baho beradi.

Yakka tartibdagi mehnat da’vosini ko‘rib chiqayotgan sud xodimga majburiy progulning butun vaqti uchun o‘rtacha ish haqini yoki kam ish haqi to‘lanadigan ishni bajargan butun vaqti uchun ish haqidagi farqni to‘lash to‘g’risida qaror qabul qiladi.

Xodimlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha sudga murojaat qilganda sud xarajatlaridan ozod etiladi.

 

 

Saodat KAIPNAZAROVA,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi