RAQAMLI SUD: QONUN USTUVORLIGIGA ZAMONAVIY YONDASHUV
Chimboy tumanidagi “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinida aholi bilan ochiq muloqot oʻtkazildi. Tadbirda Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi B.Bekmuratov hamda jinoyat ishlari boʻyicha Chimboy tumani sudi tergov sudyasi R.Kaukishev ishtirok etishdi.
Uchrashuvda sudyalar tomonidan fuqarolarga Prezidentimizning 2025-yil 21-avgustda qabul qilingan “Sudlarning faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-140-sonli Farmoni hamda “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-141-sonli Farmonining mazmun-mohiyati keng tushuntirib berildi.
Taʼkidlandiki, Prezidentimizning joriy yil 21-avgustdagi PF-140-sonli Farmoni sud tizimida raqamlashtirishni yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu farmonga koʻra, endilikda sud ishlarini elektron tarzda yuritish imkoniyatlari kengaytiriladi, sunʼiy intellekt asosida ishlovchi tahlil platformalari joriy etilib, “aqlli sud zallari” va onlayn murojaat tizimlari keng koʻlamda faoliyat boshlaydi, sud qarorlarining shaffofligini taʼminlash uchun ochiq maʼlumotlar bazasi yaratiladi.
Shuningdek, fuqarolar uchun sudlarga murojaat qilish, ishlarni kuzatish va qarorlar bilan tanishish jarayoni ancha yengillashadi.
Yuqorida qayd etilgan, farmonlar orqali sud tizimida yangi bosqich boshlanmoqda. Xususan, sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilishi, sud binolarining moddiy-texnik taʼminoti yaxshilanishi, sudyalar malakasi oshirilishi fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi.
Tadbir davomida mahalla aholisi oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.