BOLA HUQUQLARINI TA’MINLASH-INSON HUQUQLARINI TA’MINLASHNING BOSH MEZONI
Farzandlarimiz kelajagimiz poydevoridir, O‘zbek halqining bolajon xalq ekanligini barchamiz uchun tan olingan haqiqat. Bu bugun yoki kecha shakllangan an’ana emas, balki asrlar davomida bizga meros bo‘lib kelayotgan qadriyatdir. Bu qadriyatlarning tag zamirida bolani e’zozlash, unga, eng avvalo, inson sifatida muomalada bo‘lish, uning huquq va erkinliklarini hurmat qilish masalalari yotadi. Endilikda xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgan bu huquq normalari aslida yurtimizda qadim-qadimdan shakllangan.
Shu bois ham milliy qadriyatlarimizga tayanib yozilgan Bosh qomusimizda bu masalaga alohida e’tibor berilgan. Jumladan, voyaga etmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi (77-modda), onalik,otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi (78-modda) kafolatlangan.
Bundan tashqari, davlatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng ratifikatsiya qilingan dastlabki xalqaro huquqiy hujjatlardan biri ham Bola huquqlari to‘g’risidagi konventsiya bo‘lgan edi. 1992 yil 9 dekabrdagi ushbu konventsiya orqali O‘zbekiston dunyoning 193 davlati qatorida bola huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga doir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.
Shuningdek, O‘zbekiston Bola huquqlarini ta’minlashda BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g’risidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g’risidagi xalqaro pakt, Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g’risidagi konventsiya, Irqiy kamsitishlarga barham berish to‘g’risidagi konventsiya hamda Qiynoq va muomala va jazoning shafqatsiz, noinsoniy hamda qadr-qimmatni kamsituvchi boshqa turlari to‘g’risidagi konventsiya kabi ko‘plab asosiy xalqaro shartnomalarga ham tayanadi.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha umume’tirof etilgan tamoyillar ustuvorligini ta’minlash, bola huquqlariga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro shartnomalar bajarilishini huquqiy tartibga solish bo‘yicha 100 dan ziyod qonun, farmon, qaror va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Eng muhimi, O‘zbekistonda bola huquqlari va manfaatlarini himoyalash bo‘yicha kompleks huquqiy asoslar yaratildi. Ayniqsa, 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g’risida”gi qonun bu borada tarixiy hujjat bo‘ldi.
Bir qarashda sohaga oid munosabatlarning barchasi to‘laqonli tartibga solingandek, hammasi o‘z o‘rnidadek tuyuladi. Ammo inson huquqlari, ayniqsa, bola huquqlari sohasi shunday tizimki, davr va vaqt o‘tgan sari yangi-yangi o‘zgarishlar, qo‘shimchalar kiritilmasa, huquqni ro‘yobga chiqarishda muammolar yuzaga kelaveradi.
Bu esa bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning barkamol avlod bo‘lib etishishini ta’minlash borasidagi faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurati tobora ortib boryotganini ko‘rsatadi.
Shu boisdan Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida”gi Qaror Bola huquqlari to‘g’risidagi konventsiya talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va ma’naviy etuk avlod bo‘lib etishishini ta’minlash yo‘lida tashlangan katta qadam bo‘ldi.
Qarorda bolalarning davlat organlariga qilgan murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlanishi va bola to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko‘rmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmasligi alohida belgilab qo‘yildi. Shuningdek, 14 yoshga to‘lgan bola o‘zining ta’minoti uchun ota yoki onadan yoxud ayrim hollarda bir vaqtning o‘zida ota-onaning har ikkalasidan ham qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g’risida da’vo qo‘zg’atishga haqliligi qayd etildi. Ushbu o‘zgarishlar mamlakatimizda bola huquqlarini to‘la ta’minlash bilan birga sud organlariga ham qo‘shimcha mas’uliyat yuklashi tabiiy.
Shuningdek, bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilgan da’vogar davlat boji va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilinishi yuqoridagi normalarni hayotga tatbiq etishda yuzaga keladigan ko‘plab muammolarning oldi olinishiga va ularning to‘g’ridan-to‘g’ri ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek, sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida bola o‘z fikrini ifoda qilishga haqliligi qat’iy belgilandi. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli organlar bolaning manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, jiddiy omil sifatida ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shart ekanligi belgilangani bola o‘z kelajagini o‘zi belgilash huquqiga to‘la egaligini ko‘rsatadi.
Darhaqiqat, inson huquqlari, mamlakat kelajagining asosi hisoblangan bola huquqlari masalasi bitta yoki ikkita muassasa faoliyati sa’y-harakati bilangina ta’minlanib qolmaydi. Mamlakat ertasining bugunidan yaxshiroq bo‘lishi uchun barcha birdek harakat qilishi, inson huquqlarini ta’minlash, avvalo, bola huquqlarini ta’minlashdan boshlanishini to‘liq anglamog’imiz lozim. Shundagina qudratli va buyuk O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.