HAR BIR BOLA – KELAJAGIMIZNING POYDEVORI
Bola – bu shunchaki jamiyat a’zosi emas, balki ertangi kunning asoschisi, taraqqiyotga yetaklovchi insondir. Uning qanday muhitda ulg‘aygani, qanday ta’lim olgani, qanday qadriyatlarga ega bo‘lib voyaga yetgani – kelajak jamiyatining qiyofasini belgilaydi. Shu boisdan har bir bolaning huquqlarini to‘liq va so‘zsiz ta’minlash – bu nafaqat davlat, balki butun jamiyatning mas’uliyatidir.
Har bir bola tug‘ilganidan boshlab, yashash, rivojlanish, ta’lim olish, fikr bildirish va zo‘ravonlikdan himoyalanish kabi ajralmas huquqlarga egadir. Ushbu huquqlarni ta’minlash masalasi xalqaro huquq normalari bilan bir qatorda har bir davlatning ichki siyosatida ham ustuvor o‘rin egallashi kerak. O‘zbekiston Respublikasi ham mustaqillikka erishganidan so‘ng, bola huquqlarini himoya qilish borasida qator muhim islohotlarni amalga oshirib kelmoqda.
1992-yil 9-dekabrda O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qildi. Bu konvensiya dunyodagi deyarli barcha davlatlar tomonidan tan olingan va eng keng qo‘llaniladigan xalqaro hujjatlardan biridir. Unda bolaning hayoti, erkinligi, farovonligi va rivojlanishiga oid 54 ta modda mavjud bo‘lib, bu huquqlarni himoya qilish davlatning bevosita majburiyatidir.
O‘zbekiston har 4-5 yilda BMTga bola huquqlari bo‘yicha milliy davriy hisobotini taqdim etadi. So‘nggi – Beshinchi davriy hisobot 2023-yilda BMT Bola huquqlari qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqildi va unga javoban 2024–2027-yillar uchun Milliy harakatlar rejasi qabul qilindi.
So‘nggi yillarda bola huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qator qonunlar qabul qilindi:
-“Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun (2024);
-“Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsman to‘g‘risida”gi Qonun;
-“Ta’lim to‘g‘risida”, “Oila kodeksi”, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodekslarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Bu qonunlar orqali bolalarning ta’limga, sog‘liqni saqlashga, oilada yashashga, zo‘ravonlikdan va ekspluatatsiyadan himoyalanishga bo‘lgan huquqlari aniq kafolatlandi.
Bola manfaatlarini ta’minlashda sudlarning roli muhim. Oilaviy nizolar, aliment, asrab olish va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarida bolaga qulay sharoitlar yaratish tamoyili yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida bola huquqlarini himoya qilish sohasida aniq yutuqlar mavjud bo‘lsa-da, ushbu yo‘nalishda hali ko‘plab muammolar va ustuvor vazifalar mavjud. Sud tizimi, ta’lim va sog‘liqni saqlashda bolalar ehtiyojlariga yanada mos yondashuvlarni kuchaytirish zarur. Eng asosiysi, bola huquqlarini ta’minlash borasida nafaqat davlat organlari, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyati mavjud. Chunki har bir bola – kelajagimizning poydevoridir.
Alisher AMETOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining sudyasi