HUQUQIY MASHG’ULOTLAR ORQALI YOSHLAR ONGIDA QONUNGA HURMAT RUHI SHAKLLANMOQDA
Mamlakatimizda huquqiy davlat barpo etish, qonun ustuvorligini ta’minlash va jamiyat a’zolari, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 may kungi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g’risida”gi Farmonida ham yuridik ta’limning uzluksizligini ta’minlash, voyaga etmaganlar va yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish asosiy ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 avgust kungi tegishli Qarori bilan Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni qonunga itoatkorlik va huquqbuzarlikka toqatsizlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Mazkur dastur yoshlar o‘rtasida qonunga hurmat ruhini shakllantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dastur doirasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qonunga itoatkor hamda huquqbuzarliklarga toqatsiz yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, sudyalar, amaliyotchi huquqshunoslar, profilaktika inspektorlari, prokurorlar, advokatlar va adliya xodimlari ishtirokida huquqiy mavzularda darsdan tashqari amaliy mashg’ulotlar tashkil etilmoqda.
Bu kabi mashg’ulotlar orqali o‘quvchilarga voyaga etmaganlarning huquq va burchlari, huquqbuzarlik tushunchasi va uning oqibatlari, shaxsiy huquq va erkinliklar, inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlanishi, davlat hokimiyati tizimi, sud hokimiyati va davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi haqida keng tushunchalar berilyapti.
Ana shunday dars mashg’ulotlaridan navbatdagisi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tashabbusi bilan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 2-sonli umumta’lim maktabida tashkil etildi.
Mazkur dars mashg’ulotida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Adilbek Seytnazarov va mazkur sudning sudyasi Muhabbat Qaypovalar tomonidan «Sud-odil sudlov qo’rg’oni» «Konstitutsiyaviy huquq va burchlar» mavzularida ma’ruzalar qilindi. Unda maktab o‘qituvchilari va yuqori sinf o‘quvchilari faol ishtirok etdi.
Dars jarayonida sudyalar o‘quvchilarga Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, davlat hokimiyati tarmoqlarining shakllanishi va ularning vazifalari haqida hayotiy misollar orqali keng tushunchalar berdi. Jumladan, qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyati tarmoqlari, ularning o‘zaro muvozanati hamda xalq manfaatlarini ta’minlashdagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ayniqsa, sud hokimiyatining adolatni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi roli, sudyalar faoliyatida qonun ustuvorligi va xolislik printsiplarining ahamiyati haqidagi ma’lumotlar o‘quvchilar uchun juda qiziqarli va foydali bo‘ldi.
Ushbu amaliy dars orqali o‘quvchilar huquqiy mavzularda o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldilar.
Mamlakatimizda yosh avlodni huquqiy jihatdan ongli va faol fuqarolar sifatida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq, ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan bunday dars mashg’ulotlari jamiyatda qonunga hurmat, huquqiy bilim va mas’uliyat tuyg’usini kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi. Konstitutsiyada belgilab berilgan davlat hokimiyatining shakllanishi, uning faoliyat yo‘nalishlari va xalq manfaatlarini ta’minlashdagi vazifalari haqidagi bilimlar har bir yosh fuqaro uchun hayotiy ahamiyat kasb etadi.