SUD RAHBARLARI MANZIL KOLONIYASIDA UCHRASHUV O‘TKAZDI
Qo‘ng’irot tumanida joylashgan 27-manzil koloniyasida Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisining sayyor uchrashuvi tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisi K.Tarixov, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Adilov va jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng’irot tumani sudi raisi E.Berdievlar ishtirok etib, jazo muddatini o‘tayotgan sudlanuvchilar bilan o‘z-aro suhbatlashdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – mahkumlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularni qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlar bilan tanishtirish hamda mavjud muammolarni o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Sud raisi sudlanuvchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdi. Ularning o‘ndan ortiq murojaatlari o‘rganilib, har biri bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Uchrashuv davomida sud raisi jazo muddatini o‘tayotganlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari ijrosi, jazoni engillashtirish, shartli ozod qilish va boshqa qonuniy mexanizmlar haqida ham ma’lumot berdi.
Tadbir yakunida bunday uchrashuvlar jazo muddatini o‘tayotganlarning huquqiy ongini oshirish, jamiyatga moslashishiga ko‘maklashish uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.