YOSHLARNING HUQUQIY MADANIYATINI YUKSALTIRISH MAQSADIDA SAYYOR OCHIQ SUD MAJLISI O‘TKAZILDI
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar o‘rtasida turli jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mamlakatimizda har qanday huquqbuzarlik holatlariga qonuniy tarzda chora qo‘llanilishini ko‘rsatish va bu orqali yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida uchrashuv va sayyor ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, hududlarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzarliklarning asosiy sabablarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish muhim vazifa sifatida o‘z ifodasini topmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi PQ-1-sonli qaroridan kelib chiqib xalqimiz, jumladan, yoshlar o‘rtasida shunday targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Tadbirda Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining tergov sudyasi D.Srajatdinov so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, jamiyatimiz va davlatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, sudya tomonidan sayyor ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan yoshlarga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish materiallari ko‘rib chiqilib, tegishli jazolar tayinlandi. Shu bilan birga, sayyor sud ishtirokchilari ana shunday qilmishlardan tiyilishga, tegishli xulosa chiqarishga chaqirildi.
Albatta, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yoshlarning huquqiy-demokratik davlat barpo etishdek ezgu maqsadlarimiz yo‘lidagi bilimlarini oshirib, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.