SUDYALAR BILAN OCHIQ MULOQOT

 

Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov Nukusda Qoraqalpog’iston Respublikasi sudlari sudyalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

 

Sudyalar va ularning oila a’zolari ishtirok etgan tadbir mansab vakolatini suiiste’mol qilishning achchiq oqibatlari aks etgan videofilm namoyishi bilan boshlandi. Tizimning tegishli jazo o‘tayotgan sobiq vakillari afsus-nadomatlari sudyalar va ularning oila a’zolari uchun ham o‘ziga xos saboq vazifasini o‘tadi.

 

 

 

Sudya shaxsiyati, uning odob-axloqi va hayot tarzi nafaqat huquqiy qarorlarni qabul qilish jarayonida, balki jamiyatda adolatga bo‘lgan ishonchni shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Mazkur tadbirda sudyalar va ularning oila a’zolari ishtirokida mansab vakolatini suiiste’mol qilishning og’ir oqibatlarini aks ettiruvchi videofilm namoyishi shunga yaqqol misoldir.

 

 

 

Bu tadbirning diqqatga sazovor jihati – jazo o‘tayotgan sobiq sudyalarning chin ko‘ngildan aytgan afsus-nadomat so‘zlari sudyalarga o‘ziga xos saboq berishga urinish bo‘ldi.

 

 

Uchrashuvda mamlakatimizda izchil davom etayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida sud hokimiyati nufuzini oshirish va sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlab, ularning ijtimoiy muhofazasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Sudyalarning majburiyatlari va Sudyalar odobi kodeksiga rioya etilishida malaka hay’atlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirib, qo‘shimcha choralar ko‘rish zaruriyati xususida so‘z yuritildi.

 

 

 

Qayd etildiki, so‘nggi yillarda sud tizimi, sudyalarning mustaqilligini ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasiga qaratilayotgan e’tibor sudyalar hamjamiyati a’zolari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bunday mas’uliyat sudyadan qat’iyat, qasamyodga sodiqlik va halollikni talab etadi.

 

 

Shuningdek, ochiq muloqotda intizomsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, odamlarni sarson qilmaslik, ishlarni ko‘rishda  protsessual muddatlarga rioya etib, o‘z vaqtida qonuniy ko‘rib chiqishi hamda sudyalar odob kodeksi talablariga qat’iy amal qilishi uqtirildi. Har bir ish zamirida inson taqdiri, haq-huquqi yotgani hamisha e’tiborda bo‘lishi shartligi, sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini ta’minlash, ularning odil sudlov bilan bog’liq faoliyatida turli aralashuvlarning oldini olish, tizimda korruptsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini yanada oshirish, sohadagi muammolar va ularning echimlari to‘g’risida fikr almashildi.