MAHALLADA SAYYOR SUD MAJLISI O‘TKAZILDI
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi raisi S.Davletmuratov tomonidan tumandagi «Bayterek» mahalla fuqarolar yig‘inida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan ayblangan shaxsga nisbatan to‘plangan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi va sud hukmi bilan 20 (yigirma foiz) davlat foydasiga ushlab qolish yo‘li bilan 2 (yil) muddatga axloq tuzatish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan ayblanayotgan shaxsga nisbatan to‘plangan jinoyat ishi ham ochiq sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sudya ishdagi barcha dalillarni o‘rganib, jabrlanuvchi, guvoh va sudlanuvchining so‘nggi so‘zlarini tinglab, quyidagicha ajrim chiqardi.
Sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, pushaymonlik bildirgani va jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplab bergani, jabrlanuvchining qonuniy vakili tomonidan sudlanuvchini kechirganligi, boshqa da’vosi yo‘qligi inobatga olinib, jinoyat ishi taraflarning o‘zaro yarashganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 4-qismiga asosan ish yurituvdan to‘xtatildi.
Sayyor sud majlisi tugagandan so‘ng, sud raisi tomonidan «Qizil hudud»ga kiritilgan ushbu hududda yuz bergan huquqbuzarliklar tahlil qilinib, kelgusida bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan ham fuqarolarga keng tushunchalar berildi.