SUDYA MAKTABDA DARS MASHG’ULOTINI O‘TDI

 

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lidagi orzu-intilishlari o‘z aksini topgan muhim hujjatdir. Shu sababli “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi Farmonida ta’limni rivojlantirish ilmiy-metodik Markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi Vazirligi, Fan va innovatsiyalar Vazirligi, Adliya Vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab barcha ta’lim turlari va bosqichlaridagi o‘quv rejalari va dasturlari qayta ko‘rib chiqilishi, konstitutsiyaviy norma va qoidalarga moslashtirilishi belgilangan edi.

 

Shunga ko‘ra, umumta’lim maktablari o‘quvchilariga yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani o‘rgatish bo‘yicha ham metodik asosda yangilangan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, maxsus adabiyotlar yaratilib, ta’lim tizimiga keng joriy etildi.

 

O‘sib kelayotgan yosh avlodning konstitutsiyaviy bilimini oshirishga qaratilgan bu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirishda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ham ishtiroki ta’minlanayotgani esa o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.

 

“Sudyalar tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliy dars-mashg’ulotlarini o‘tkazish bo‘yicha reja” asosida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy o‘quv mashg’ulotlari o‘quvchi-yoshlarning konstitutsiyaviy bilimlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday dars mashg’ulotlaridan biri tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 6-sonli maktabda ham o‘tkazildi.

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi sudyasi Zebo Bazarbaeva tomonidan “Huquqbuzarlik va javobgarlik” mavzusida tashkillashtirilgan mazkur dars mashg’ulotida maktab o‘qituvchilari va yuqori sinflar o‘quvchilari ishtirok etdilar.

 

Dars mashg’uloti jarayonida Zebo Bazarbaeva o‘quvchilarga “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g’risida”gi Prezident Farmonida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati yuzasidan keng tushunchalar berib, har bir insonning, xususan, o‘quvchilarning konstitutsiyaviy burch va majburiyatlari bo‘yicha hayotiy misollar orqali ma’lumotlar taqdim etdi.

 

Dars jarayonida Konstitutsiyada belgilangan yangi normalar, sudlarning erkinligi, jinoiy javobgarlikni belgilash, qamoqqa olish va fuqarolarning advokatlik xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha haq-huquqlari haqidagi moddalar bo‘yicha batafsil tushuntirish bilan birga o‘quvchi-yoshlar zimmasidagi burch va majburiyatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

 

Ayniqsa, huquqbuzarlik holatlari va ularni shaffof malakalash, javobgarlik belgilash, javobgar shaxsga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarlik bo‘yicha tegishli jazo choralarini qo‘llashda adolat tamoyillariga rioya etish, odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha o‘quvchilar ishtirokida shartli sud jarayonlari o‘tkazilgani o‘quvchilarning konstitutsiyaviy va huquqiy bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Sudya tomonidan o‘tkazilgan dars mashg’uloti o‘quvchilar uchun biri-biridan qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘ldi va Amudaryo tuman fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi sudyasi Zebo Bazarbaevaga amalga oshirilgan qiziqarli dars mashg’uloti uchun maktab ma’muriyati tomonidan minnatdorchilik bildirildi.