ARBITRAJ MUHOKAMASI BILAN BOG’LIQ ISHLARNI YURITISH
2022-yilning 16-mayida “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g’risida”gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Kodeksga arbitr tushunchasi kiritilib, arbitraj muhokamasi bilan bog’liq ishlar, jumladan, arbitrni tayinlash, arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g’risidagi ishlar muhokamasi ko‘rilishi belgilangan.
Shuningdek, arbitrlar, arbitraj tarkibi tomonidan tayinlangan ekspertlar, arbitraj muassasasining xodimlari, hakamlik sudyalari – arbitraj yoki hakamlik muhokamasi davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan holatlar to‘g’risida guvoh sifatida chaqirilishi va so‘roq qilinishi mumkin emasligi belgilangan.
Qonun bilan arbitraj muhokamasi bilan bog’liq ishlarni yuritish tartibi belgilangan.
Arbitraj sudlari o‘z faoliyatida hech kimga bo‘ysunmaydi va mustaqildir. Arbitraj sudlarining faoliyatiga biror-bir aralashuvga, xuddi shuningdek unga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bu O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Arbitrlar, arbitraj tarkibi tomonidan tayinlangan ekspertlar, arbitraj muassasasi va uning xodimlari arbitraj muhokamasiga taalluqli har qanday harakatlar yoki harakatsizlik uchun, agar bunday harakat yoxud harakatsizlik qasddan sodir etilganligi isbotlanmasa, taraflar yoki boshqa shaxslar oldida javobgar bo‘lmaydi.
Rustam QURBANBAEV,
Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi