SUD ISHLARIDA PROKURORNING ISHTIROKINI TA’MINLASH YUZASIDAN YANGI QONUN QABUL QILINDI
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, bu fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga sud ishlarini yuritishda taraflarning tortishuvi printsipini, davlat manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash sudlar tomonidan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni ko‘rishda prokurorning ishtirokiga, shuningdek ishlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilishga taalluqli protsessual normalar yanada aniqlashtirilishini taqozo etmoqda.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning erga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga etkazilgan zararning o‘rnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bog’liq ishlarda ishtirok etish huquqini, shuningdek davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga prokurorning erga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bog’liq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g’risidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog’liq ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat hamda davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga, shuningdek sudlarda ishlarni muhokama qilishda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jalgas AMANIYAZOV,
Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi