OLIY SUD VAKILLARI TALABALAR HUZURIDA

 

Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari I.Muslimov va Kadrlar boshqarmasi boshlig’i M.Muhitdinov Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining talabalari bilan uchrashdi.

Muloqot Oliy sud va Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida imzolangan yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g’risidagi memorandum ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar targ’ibotiga alohida e’tibor qaratilgan uchrashuvda nafaqat istiqbolli rejalar, balki Oliy sud va Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasidagi amaliy hamkorlik natijasida erishilgan yutuqlar ham alohida e’tirof etildi.

 

Ta’kidlanganidek, sud apparati xodimlarining jamiyatda ijtimoiy mavqeyini, obro‘-e’tiborini oshirish hamda sudlarda eng munosib va yuqori malakali kadrlar korpusini shakllantirish tizimini tubdan isloh qilish yo‘lidagi eng asosiy vazifalardan biri. Ushbu maqsadlarga erishish uchun kadrlar bilan ishlash hamda ularning bilimi, malakasi va ish sifatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Albatta, sudlarda ishchanlik muhitini yaratish bilan bir qatorda xodimlarning dunyoqarashi, ma’naviyati, kasbiy odob-axloqi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Oliy sud huzurida tashkil etilgan “Bo‘lajak sud xodimlari” klubiga universitet talabalarini faol jalb qilish uchun tegishli huquqiy zamin yaratilgan.

 

Oktyabr oyi holatiga ko‘ra universitetning 74 nafar talabasi klubga a’zo bo‘lish maqsadida ariza bergan. Ularning 49 nafari jinoyat yo‘nalishiga, 20 nafari fuqarolik yo‘nalishiga hamda 5 nafari iqtisodiy yo‘nalishga qiziqish bildirgan. Ushbu talabalar belgilangan tartibda sudlarga biriktiriladi hamda amaliyot o‘tash uchun barcha shart-sharoit yaratilib beriladi.

 

 

O‘tgan yil natijalariga ko‘ra ming nafardan ortiq talaba sudlarda ish o‘rganib, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirdi. Bunday imkoniyatga ega bo‘lgan talabalar orasida 610 nafari aynan Qoraqalpoq davlat universiteti yoshlari ekanligi, albatta, quvonarlidir. Ular hozirdanoq sudda ishlash istagida bo‘lib, kelajakda o‘zini shu sohaning etuk mutaxassisi sifatida ko‘rayotgani ham bu yo‘nalishda olib borayotgan izchil sa’y-harakatlarning amaliy samarasidir.

Tadbirda ishtirok etgan talabalar sud tizimidagi bo‘sh ish o‘rinlari, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ijtimoiy kafolatlar, ishga qabul qilish tartibi hamda nomzodlarga qo‘yiladigan talablar haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi.