SUDLAR TOMONIDAN AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR TAHLILI
Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2024 yil 9 oyi davomida mamlakatimizda qonun ustuvorligi, fuqarolarning tinchligini ta’minlash, odil sudlovning sifat va samaradorligini oshirish, sud-huquq islohotlari doirasida qabul qilingan qonunlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha olib borilgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.
– Ushbu davr mobaynida 2 ming 223 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, o‘tgan yilning hisobot davriga nisbatan 18,8 foizga ko‘paygan, – deydi Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abilay Adilov. – Ko‘rib tamomlangan jinoyat ishlari bo‘yicha 1 ming 581 nafar shaxsga jazo tayinlash bilan ayblov hukmi, 11 nafar shaxsga oqlov hukmi, 109 nafar shaxsga jazo tayinlanmasdan, ayblov hukmi chiqarildi. 49 nafar shaxsga shartli jazo tayinlanib, ularga nisbatan sinov muddati belgilandi.
Hukm chiqarilgan ishlar bo‘yicha 450 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish, 514 nafar shaxsga ozodlikni cheklash, 484 nafar shaxsga axloq tuzatish ishlari, 14 nafar shaxsga majburiy jamoat ishlari, 119 nafar shaxsga jarima jazosi tayinlandi. Tahlillarga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik, nomusga tegish, valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish jinoyatlari soni ko‘paygan.
Shuningdek, sudlar tomonidan korruptsiyaga oid jami 327 nafar shaxsga nisbatan 164 jinoyat ishi ko‘rilgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,4 foizga ko‘paygan. Korruptsiya bilan bog’liq jinoyatlar tadbirkorlik, davlat ulushi bor korxonalar, maktabgacha ta’lim, bank, oliy va o‘rta maxsus ta’lim, hokimliklar, sog’liqni saqlash, huquqni muhofaza qilish sohalarida ortgan.
O‘tgan yilning shu davriga taqqoslaganda, xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 8,2, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 16,5, voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 36,9 foizga ko‘paygan. Xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning aksariyati firibgarlik, rastrata yoki talon-taroj qilish, o‘g’rilik, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning aksariyati o‘g’rilik, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish, firibgarlik, voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning aksariyati o‘g’rilik, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatlarini tashkil etadi.
Bundan tashqari, jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tuman sudlari tomonidan 9 oy mobaynida jami 25 ming 203 nafar shaxsga nisbatan 23 ming 304 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g’risidagi ish ko‘rib tamomlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida korxona, muassasa, tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida va aholi o‘rtasida uchrashuvlar va davra suhbatlari, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar tashkil etildi.
Kelgusida ham odil sudlovni amalga oshirish, sudni haqiqiy ma’noda adolat qo‘rg’oniga aylantirish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar jadal davom ettiriladi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri