YANGI FARMONLAR ODIL SUDLOVGA ERISHISHDA MUHIM ASOS BO‘LADI
Yurtimizda sud-huquq sohasini takomillashtirish, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish borasidagi o‘zgarishlar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar davom etmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-11-son hamda “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-12-son Farmonlari bu boradagi yana bir muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Ushbu Farmonlar bilan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish maqsad qilingan.
Ta’kidlash joizki, “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonga ko‘ra sud-huquq tizimining jadal isloh qilinishini ta’minlash, aholining odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish bo‘yicha 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi. “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonda esa ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda ayrim toifadagi fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vakolatini tegishliligi bo‘yicha ma’muriy organlarga o‘tkazilishi va ayrim toifadagi jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni quyi instansiya sudlarining o‘zida yakunlash tartibi belgilangan.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur Farmonlarning qabul qilinishi “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini yanada mustahkamlash bilan birgalikda, xalqimiz manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
Qayrulla Atamurodov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudarya tuman sudi raisi.