IQTISODIY SUDLAR TOMONIDAN ISHDAGI HUJJATLARDAN KO‘CHIRMA NUSXALAR BERISH TARTIBI

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksi 42-moddasiga binoan ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar olish yoki ko‘chirma nusxa olish kabi huquqlarga ega.
Ularga tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari tomonidan sud ishlaridagi ayrim hujjatlardan ko‘chirma nusxalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2020 yil 26 noyabrdagi RS-60-20-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 13-bobida belgilangan qoidalarga muvofiq beriladi.

Xususan, sud ishlaridagi ayrim hujjatlarning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki ularning qonuniy vakillariga ularning arizasi asosida sud rahbariyati yoki sudyaning yozma roziligi bilan devonxona mudiri, arxiv mudiri yoki sudya yordamchisi tomonidan beriladi.

Hujjatdan ko‘chirma nusxa berilganida uning birinchi varag‘iga “nusxa” belgisi ko‘yiladi. Hujjatning so‘ngi varag‘iga tasdiqlovchi yozuv yoki shtamp “asliga to‘g‘ri”, lavozimning nomi, tasdiqlovchi shaxsning shaxsiy imzosi, uning ismi, otasi ismining bosh harflari va familiyasi, nusxa tasdiqlangan sana shakli bo‘yicha to‘ldiriladi.

Sud tomonidan beriladigan sud qarorlarining nusxalari, shu jumladan yuqori sudlarning ajrimi, qaror nusxalari birga tikilib, muhr bilan tasdiqlangan bo‘lishi shart.
Agarda ajrim yoki hal qiluv qarori yuqori sud tomonidan o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan bo‘lsa, u holda berilishi lozim bo‘lgan hujjat nusxasiga shu haqda belgi qo‘yiladi yoki ma’lumotnoma yoziladi.
Uch yoki undan ortiq betdan iborat bo‘lgan va sudning gerbli muhri bilan tasdiqlashni talab qilmaydigan sud hujjatlari nusxalari kitobcha ko‘rinishida 1:2 masshtabda A5 formatda tayyorlanishi mumkin. Bunday nusxalar igna bilan ikkita joyni teshib ip o‘tkazish yoki metall moslama bilan birlashtirish (volsovka qilish) yo‘li bilan tikiladi.

Gerbli muhr bilan tasdiqlashni talab qilmaydigan sud hujjatlari yoki ularning dublikatlari stepler yordamida biriktirilishi ham mumkin.
Biriktirilgan joyga tegishli qog‘oz yopishtiriladi va qog‘ozning bir qismi sud devonxonasining muhri bilan muhrlanadi.
Sud qarorlarining dublikatlari va nusxalarini, shuningdek, tomonlarning va ishda qatnashuvchi boshqa shaxslarning iltimosiga ko‘ra sud tomonidan ishlardan beriladigan boshqa hujjatlarning nusxalarini berganlik uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan stavkalariga asosan davlat boji undiriladi.

Bugungi kunda sud hujjatlarining dublikatlarini hamda boshqa hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun – hujjatning har bir beti uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida davlat boji to‘lanishi belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagi hujjatlar yoki sud qarorlarining nusxasini olgan shaxslar ularni olganligi haqida imzo qo‘yishlari kerak.

Quwanishbay  XOJAMURATOV,
Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi.