YER UCHASTKALARINI O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN EGALLASHGA OID HUQUQBUZARLIKLARNI KVALIFIKATSIYA QILISHNING AYRIM MASALALARI: SUD AMALIYOTI TAHLILI
Yer mamlakatning muhim strategik va tabiiy resurslaridan biri hisoblanadi. Undan oqilona foydalanish, muhofaza qilish hamda yer munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi. Shu sababli yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash, ulardan qonuniy huquqsiz foydalanish yoki bunday yerlarda noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish uchun qonunchilikda ma’muriy javobgarlik belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksining 60-moddasi yer munosabatlari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Xususan, mazkur moddaning ikkinchi qismi yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallash, shuningdek unga nisbatan qonuniy huquq mavjud bo‘lmagan holda undan foydalanish uchun ma’muriy javobgarlikni belgilaydi. Moddaning uchinchi qismi esa o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Ushbu normalar mazmunan o‘zaro bog’liq bo‘lsa-da, ularning ob’ektiv tomoni, huquqbuzarlik sodir etilish vaqti va huquqiy oqibatlari turlicha bo‘lgani sababli, har bir holatda huquqbuzarlikka to‘g’ri huquqiy baho berish alohida ahamiyat kasb etadi. Amaliyotda ayrim hollarda ushbu normalarni qo‘llashda huquqbuzarlikni noto‘g’ri kvalifikatsiya qilish holatlari uchrab turibdi.
Jumladan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tuman sudida ko‘rilgan ma’muriy ishda fuqaro S.N.ga nisbatan Kadastr organi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning 60-moddasi uchinchi qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ish materiallariga ko‘ra, huquqbuzar tegishli ruxsat etuvchi hujjatlarsiz o‘z yer uchastkasiga tutash davlat yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, ushbu hududda avtomashinalarni yuvish shoxobchasini qurgan va undan foydalanib kelgan.
Sud muhokamasi jarayonida ish hujjatlari, guvohlar ko‘rsatmalari, kadastr ma’lumotlari hamda sun’iy yo‘ldosh orqali olingan fotosuratlar har tomonlama tahlil qilindi. Tahlil natijasida noqonuniy qurilish ishlari 2023 yilda boshlanib, 2024 yil iyul oyida yakunlangani aniqlandi. Demak, mazkur harakat uchun ma’muriy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgan. Biroq ish materiallari huquqbuzar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasidan hozirgi kunga qadar hech qanday qonuniy huquqsiz foydalanib kelinayotganini tasdiqladi. Bu esa huquqbuzarlikning davom etayotgan xususiyatga ega ekanligini anglatadi.
Ma’muriy huquq nazariyasida davom etayotgan huquqbuzarlik deb huquqbuzar shaxs zimmasidagi majburiyat bajarilmasdan yoki qonunga xilof holat bartaraf etilmasdan davom etayotgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi. Bunday huquqbuzarlikda huquqqa xilof holat saqlanib turgan davr mobaynida huquqbuzarlik ham davom etadi.
Shu nuqtai nazardan sud surishtiruv organi tomonidan huquqbuzar harakatlariga berilgan huquqiy bahoni to‘liq asosli deb topmadi. Chunki mazkur holatda qurilish ishlarini amalga oshirish harakati tugallangan bo‘lsa-da, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasidan qonuniy huquqsiz foydalanish huquqbuzarligi davom etayotgan edi.
Shu munosabat bilan sud huquqbuzarning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning 60-moddasi uchinchi qismidan ikkinchi qismiga qayta kvalifikatsiya qildi hamda unga nisbatan qonun sanktsiyasi doirasida ma’muriy jarima tayinladi.
Mazkur sud qarori yer munosabatlari sohasida qonun normalarini to‘g’ri qo‘llash nuqtai nazaridan muhim amaliy ahamiyatga ega. U huquqbuzarlikning tashqi belgilari emas, balki uning huquqiy mohiyati, sodir etilish vaqti va davom etayotgan yoki bir martalik xususiyatga egaligini aniqlash kvalifikatsiyaning hal qiluvchi mezoni ekanini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning 60-moddasini qo‘llashda har bir holatda huquqbuzarlikning ob’ektiv tomoni, uning tugallangan yoki davom etayotgan xususiyati, javobgarlikka tortish muddatlari hamda ishdagi dalillarga har tomonlama huquqiy baho berish talab etiladi. Bu esa qonun ustuvorligini ta’minlash, yer munosabatlarida huquqiy tartibni mustahkamlash hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi.
Zuxra BAYIMBETOVA,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudining tergov sudyasi






