MA’MURIY SUD ISHLARINI YURITISH TO‘G’RISIDAGI QONUNCHILIK TAKOMILLASHTIRILMOQDA

 

Bugungi kunda jahon miqyosida globallashuv jarayonlarining kuchayishi har bir davlat oldida, avvalo, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda farovon hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish vazifasini dolzarb qilib qo‘ymoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda fuqarolarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashni taqozo etadi.

 

Mazkur jarayonda ma’muriy sudlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, ma’muriy sudlarning asosiy vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishdan iborat.

 

Ushbu vazifalarning to‘laqonli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan ma’muriy sud ishlarini yuritishda qo‘llaniladigan protsessual majburlov choralari doirasi bilan bevosita bog’liq. Shu ma’noda, ma’muriy sudlarning huquqiy ta’sir choralarini yanada kengaytirish orqali davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining samarali va ishonchli himoya etilishini ta’minlash imkoniyatlari yanada oshadi.

 

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xususan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi kodeksi asosida ma’muriy sudlar tomonidan sud jarimalari, shuningdek, xususiy ajrim va xabarnoma shaklida protsessual ta’sir choralari qo‘llanilib kelinmoqda. Ayni paytda, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksida ham sud faoliyatini ta’minlashga qaratilgan qator muhim normalar belgilangan.

 

Jumladan, mazkur Kodeksning 180-moddasida sudga hurmatsizlik qilganlik, 181-moddasida esa sudning xususiy ajrimi (qarori) bo‘yicha choralar ko‘rmaslik uchun ma’muriy javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Nizolarni hal etish jarayonida ushbu toifadagi huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, bunday ishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g’risidagi kodeksning 245-moddasiga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar, 245¹-moddasiga muvofiq iqtisodiy sudlar hamda 245⁴-moddasiga muvofiq fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.

 

Endilikda mazkur sohada yangi bosqich boshlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi PQ–33-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi qonunchilikni takomillashtirish Kontseptsiyasida nizolarni hal etish jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g’risidagi ishlarni ko‘rish vakolatini ma’muriy sudlarga ham berish nazarda tutilgan.

 

Shu bilan birga, ushbu Qarorda ma’muriy sud ishlarini yuritishda qo‘llaniladigan protsessual majburlov choralarining doirasini aniq belgilash va ularni tizimli ravishda takomillashtirish masalalari ham ko‘zda tutilgan. Bu esa ma’muriy sudlarning huquqiy ta’sir imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Davlatimiz rahbarining mazkur Qarori sohada izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizda ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g’risidagi qonunchilikni takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ilg’or xorijiy tajribaga muvofiq ma’muriy sudlar faoliyatida yangi institut va mexanizmlarning joriy etilishi davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining samarali va ishonchli himoya etilishini ta’minlashga, pirovardida esa O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imijining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

 

 

Azat IMATOV,
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi