SUD EKSPERTIZASI SOHASIGA BAG’ISHLANGAN SEMINAR BO‘LIB O‘TDI

 

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudida X. Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Qoraqalpog’iston Respublikasi bo‘limi ekspertlari D. Tajiev va U. Rustamovalar ishtirokida seminar tashkil etildi. Tadbirda sudyalar hamda sud tizimi xodimlari ishtirok etdilar.

 

Seminarning asosiy maqsadi sud amaliyotida ekspertiza faoliyatining ahamiyatini oshirish, sud xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, sohadagi yangiliklar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

 

Seminar davomida ishtirokchilarga sud lingvistikasi sohasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Ekspertlar bu yo‘nalishning mazmun-mohiyati, uning tadqiqot ob’ektlari, hamda so‘z va matn tahlili orqali sud jarayonlarida dalillarning ishonchliligini aniqlashdagi ahamiyati haqida tushuncha berdilar. Sud lingvistikasi orqali turli xatlar, bayonotlar yoki elektron yozishmalardagi ma’noni aniq talqin qilish imkoniyati oshishi ta’kidlandi.

 

Shuningdek, tadbirda sud hujjatlarini integratsiya tizimi orqali jo‘natish tartibi, uning afzalliklari va elektron hamkorlikning samarasi haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Bu tizim sud qarorlarini tezkor, aniq va xavfsiz tarzda etkazishni ta’minlab, sud faoliyatini yanada shaffof va samarali qilishi qayd etildi.

 

Ekspertlar sud-er ekspertizasi tushunchasi, uning qo‘llanish sohalari va amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berdilar. Shu bilan birga, ekspertiza xarajatlarini hisoblash tartibi, ularni sud ishlari yurituvida to‘g’ri qo‘llash mexanizmlari yuzasidan ham atroflicha tushuntirishlar berildi.

 

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustda qabul qilingan 140-sonli Farmoni mazmun-mohiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ushbu hujjatda sud-huquq tizimida raqamlashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, axborot texnologiyalarini joriy etish orqali tizim samaradorligini oshirish vazifalari belgilab berilgan. Ekspertlar mazkur Farmon sud ishlarini yuritishda zamonaviy axborot echimlarini joriy etishda yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidladilar.

 

Tadbir yakunlarida seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Sudyalar va sud xodimlari ekspertizalarni tayinlash, ularning natijalarini baholash hamda zamonaviy raqamli echimlardan foydalanish borasida ekspertlardan aniq va ilmiy asoslangan javoblar oldilar.

 

Seminar sud tizimi xodimlarining bilim va malakasini oshirish, sud ekspertizasi sohasidagi yangiliklar bilan tanishtirish hamda raqamlashtirish jarayonlarini amaliyotga keng joriy etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.